Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, Oʻzbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Oʻzaro savdo hajmi barqaror surʼatda oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Soʻnggi besh yilda bu koʻrsatkich qariyb 3 barobar oshib, oʻtgan yil yakuniga koʻra salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. 360 ta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yetakchilar kuni kecha oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishladilar.

Oʻzbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Kecha Minsk shahrida boʻlib oʻtgan uchinchi Oʻzbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida eʼtirof etildi. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli toʻplami imzolandi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT va Qoʻshilmaslik harakati doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga qatʼiy intilishlarini tasdiqladilar.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Minsk shahrida Oʻzbekiston – Belarus doʻstligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Joriy yil oxiriga qadar qoʻshma turizm, tibbiyot va taʼlim forumlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Yigʻilish davomida qoʻshma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq takliflari ham tinglandi.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishni taklif etdi.