Maʼlum qilinishicha, sohaning eng faol 110 nafar blogeri roʻyxati shakllantirilgan. Tahlillarga koʻra, ularning 55 nafari oʻzini oʻzi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Qolgan 22 nafari esa jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holat blogerlar faoliyatining amaldagi koʻlami bilan ularning huquqiy maqomi oʻrtasida nomutanosiblik mavjudligini koʻrsatmoqda.

Shuningdek, 3 milliondan ortiq obunachiga ega 6 nafar top-bloger faoliyati alohida tahlil qilingan. Aniqlanishicha, 2025-yil davomida ular tomonidan 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirilgan.

Elektron hisobvaraq-fakturalar orqali taqdim etilgan rasmiy hisobotlarga koʻra, ushbu blogerlarning jami daromadi 2,7 milliard soʻmni tashkil etgan. Byudjetga esa 110,4 million soʻm soliq toʻlangan.

Uchrashuv davomida blogerlarga reklama joylashtirishdan olinadigan daromadlarni soliqka tortish boʻyicha qonunchilik normalari tushuntirildi. Xususan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi, ayrim blogerlar esa amalda administrator, yordamchi va boshqa mutaxassislarni jalb qilayotgani taʼkidlandi.

Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek, sohada soliq majburiyatlarini tushuntirish va huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan oʻquv tadbirlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Soliq qoʻmitasi blogerlar faoliyatini soliq qonunchiligi talablariga muvofiqlashtirish hamda daromadlar shaffofligini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.