Xorazmda ekologik aviayoqilgʻi majmuasi, Surxondaryoda 940 gektarlik zamonaviy issiqxona, Yuqori Chirchiqda Yangi Toshkent aeroporti qurilmoqda. Bu yil qiymati 27 milliard dollar boʻlgan 105 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi boshlanadi.

Barcha hududlarda jami 3 million aholi uchun yangi massivlar barpo etilmoqda. Bunday loyihalarda oʻz mahsuloti va xizmati bilan ishtirok etmoqchi boʻlgan mahalliy tadbirkorlarga xorijiy investorlar bilan teng sharoit yaratiladi.

Transport-logistika sohasida yuk mashinalarini import qilishda boj va utilizatsiya yigʻimi bekor qilindi. Xalqaro tashuvlar uchun vagon taqdim etishda qoʻshilgan qiymat soligʻi “nol” stavkaga tushiriladi.

Kelasi yil Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna boʻlgan logistika markazi ishga tushiriladi, Anakliya porti boʻyicha ham amaliy ishlar boshlanadi. Olot, Termiz, Yangiyoʻl, Ohangaron va Xonobodda yirik transport-logistika markazlari tashkil etiladi.

Kelgusi yilda Toshkent xalqaro moliya markazi hamda «Enterprise Uzbekistan» xalqaro raqamli texnologiyalar markazi ishga tushiriladi. Ular 20-25 milliard dollar kapital, yangi bilim va texnologiyalarni jalb etish imkonini yaratadi.