Bu savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida hisob-kitob tizimini yanada raqamlashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, retsept bilan beriladigan dori vositasi sotilganda uning elektron retsept raqami chekda majburiy tarzda aks ettiriladi. Mutasaddilar bu orqali dori savdosi ustidan nazorat kuchayishi va noqonuniy aylanma qisqarishini kutmoqda.
Hujjatda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tartibiga ham o‘zgartish kiritilmoqda. Unga ko‘ra, QQSning salbiy farqini tezlashtirilgan tarzda qoplash mexanizmi faqat Prezident qarori bilan tasdiqlangan yirik soliq to‘lovchilar uchun amal qilishi mumkin.
Loyihadagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan takliflardan biri raqamli markirovkaga oid. Xususan, qalbaki markirovkalangan yoki kontrafakt mahsulotlarni import qilish, ishlab chiqarish va sotish uchun jinoyiy javobgarlikni nazarda tutuvchi normani bekor qilish taklif etilmoqda.
Bu tashabbus biznes va huquqshunoslar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki raqamli markirovka tizimi keyingi yillarda hufiyona iqtisodiyotga qarshi muhim vositalardan biri sifatida ko‘rilayotgan edi.
Hukumatga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgarishlar elektron hisob-kitob tizimini takomillashtirish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish va raqamli yechimlarni keng joriy qilishga xizmat qiladi.
Ayni vaqtda qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.