Qarorga ko‘ra, 2026-yil oktyabr – dekabr oylarida tajriba-sinov tariqasida Pensiya jamg‘armasining quyidagi tuman (shahar) bo‘limlaridagi pensiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash hamda to‘lash bilan bog‘liq vazifalar hududiy boshqarmalarga o‘tkaziladi:
Andijon viloyati – Andijon shahri va Oltinko‘l tumani;
Samarqand viloyati – Samarqand shahri;
Xorazm viloyati – Urganch va Xiva shaharlari hamda Shovot va Yangiariq tumanlari;
Sirdaryo viloyati – tuman (shahar) bo‘limlari.
Hududiy boshqarmalarda har bir tuman (shahar) uchun 3 kishidan iborat komissiya, tuman (shahar) bo‘limlarida esa fuqarolarga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyati tashkil etiladi.
Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, quyidagi xizmatlar fuqaroning murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda ko‘rsatiladi:
➖ nogironlik guruhi qayta belgilanganda yoki muddati uzaytirilganda nogironlik pensiyasi to‘lovini davom ettirish;
➖ I guruh nogironligi belgilanganda pensiyani qayta hisoblash;
➖ oila a’zolari soni o‘zgarganda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘lovini davom ettirish;
➖ 100 yoshga to‘lgan fuqarolarga qo‘shimcha to‘lovni tayinlash va to‘lash;
➖ ID-karta muddati tugashi yoki muddatidan oldin yangilanishi munosabati bilan pensiya to‘lovini davom ettirish.
Komissiya ariza tushgandan keyin o‘n kun ichida tegishli qaror qabul qiladi.
Pensiya jamg‘armasi bir oy muddatda O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan pensionerlarning pensiya to‘lovlarini olish huquqini tasdiqlashda “MyID” axborot tizimi orqali shaxsni tasdiqlash imkonini yaratadi.