Prezidentimiz taʼkidlaganidek, pensionerlar va nafaqaxoʻrlarga gʻamxoʻrlik qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish davlatimizning eng muhim vazifalaridan. Shu nuqtai nazardan, sohaga oid farmon va qarorlar imzolanishi, jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi hamda pensiya va nafaqalarni toʻlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilashga zamin yaratmoqda.
Pensioner uchun pensiya
miqdori qanchalik muhim boʻlsa, uni qachon va qanday olishi ham shunchalik ahamiyatli.
Dori-darmon, oziq-ovqat, kommunal toʻlovlar va kundalik xarajatning katta qismi
aynan shu mablagʻ hisobidan qoplanadi. Shuning uchun pensiyaning bir necha kun oldin
yoki keyin olinishi ham keksa inson hayotida sezilarli ahamiyat kasb etishi mumkin.
Soʻnggi yillarda yurtimizda
pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimi sezilarli darajada oʻzgardi: ilgari
asosan naqd pul shaklida berilgan boʻlsa, bugun pensiyani bank kartasi orqali olish
vaqtni tejash, xavfsizlikni taʼminlash hamda masofaviy toʻlovlarni oson bajarish
imkonini beruvchi eng ommabop usulga aylandi.
2023 yil yanvarda pensiya va nafaqa oluvchilarning
51 foizi mablagʻini naqdsiz shaklda olgan boʻlsa, 2024 yil yanvarga kelib, bu koʻrsatkich
71 foizga yetdi. 2025 yil yanvarda ushbu ulush 78 foizni, 2026 yil yanvarda esa
86 foizni tashkil etdi.
Bu yil avgust holatiga koʻra, mamlakatimizdagi 4,5 million pensiya va nafaqa
oluvchining 4,1 millioni yoki 90 foizi mablagʻini plastik karta orqali olmoqda.
Demak, atigi bir necha yilda pensiya va ijtimoiy toʻlovlarni naqdsiz olish ulushi
51 foizdan qariyb 90 foizga yetdi. Bugun har oʻn pensiya va nafaqa oluvchining toʻqqiz
nafari uchun mablagʻni olish sayyor kassani kutish bilan emas, balki mablagʻning
bank kartasiga tushishi bilan bogʻliq.
Bu shunchaki naqd pul oʻrnini bank kartasi egallayotganini emas, aslida pensiya
va nafaqa oluvchilarning oʻz mablagʻini mustaqil boshqarish imkoniyati kengayayotganini
anglatadi.
Oy
boshida pul pensionerning ixtiyorida
Naqdsiz pensiya va
nafaqa olishning asosiy qulayliklaridan biri mablagʻning oy boshidayoq pensiya va
nafaqa oluvchi tasarrufiga oʻtkazilishidir. Pensiya va nafaqani bank kartasi orqali
oladigan fuqarolar mablagʻni oyning dastlabki besh kunida oladi. Bu kunlar dam olish
yoki bayram kunlariga toʻgʻri kelgan taqdirda ham toʻlov oʻz vaqtida amalga oshiriladi.
Prezidentimizning 2022 yil 7 apreldagi “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar
va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga doir
qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash
va naqdsiz toʻlovlarni ragʻbatlantirish maqsadida naqdsiz pensiya va nafaqa oluvchilarning
pensiya miqdoriga qoʻshimcha 1 foiz mablagʻ qoʻshib berilishi belgilab qoʻyildi.
Ushbu qoʻshimcha mablagʻ fuqaroning pensiyasidan ushlanmaydi, balki davlat byudjeti
va Pensiya jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Bu esa bankomatdan naqd pul
yechishdagi komissiya xarajatini toʻliq qoplash imkonini beradi. Yaʼni pensiya
va nafaqa oluvchi kartaga oʻtgani uchun naqd puldan mutlaqo voz kechishi shart
emas. Aksincha, unda tanlov paydo boʻladi: mablagʻni karta orqali ishlatish
yoki zarur qismini naqdlashtirib olish.
Eng katta farq esa vaqtda. Naqdsiz shaklda pensiya va nafaqa oluvchi
fuqaro mablagʻini oy boshida oladi va uni mustaqil tasarruf eta boshlaydi.
Pensionerlar uchun ham shunisi qulay. Yillar davomida pensiyasini naqd pulda
olib, roʻzgʻor tebratishga oʻrgangan. Bank xodimlari har oy mahallalarga kelib,
tasdiqlangan grafik boʻyicha pensiya tarqatib kelgan va bu tizim hozir ham
davom etyapti. Ilgari pensionerlar mahallasiga navbat qachon kelishini poylab,
keyin mahalla idorasi yoki tayinlangan joyda yigʻilib, navbat kutib oʻtirardi.
Tabiiyki, bu kutishlar baʼzan aholining ancha-muncha vaqtini olardi. Bugun esa
pensiyani bank kartasida olish aholiga mutlaqo yangicha yengillik va erkinlik
bermoqda. Toʻgʻri, avvaliga koʻpchilik plastik kartalardan foydalanishga bir oz
ikkilangan. Chunki yillar davomida shakllangan odatni oʻzgartirish oson
kechmaydi. Lekin vaqt oʻtib, bu tizimning afzalligini oʻz tajribasida koʻrganidan
soʻng aholi zamonaviy yechimlar ishini qanchalik yengillashtirishini anglab
yetdi.
Naqdsiz
toʻlov ortida katta infratuzilma shakllanmoqda
Albatta, pensiyani
kartaga oʻtkazishning oʻzi yetarli emas. Pensioner kartadagi mablagʻni
kundalik hayotda ishlata olishi uchun bankomat, toʻlov terminali va boshqa
moliyaviy infratuzilma ham mavjud boʻlishi kerak. Bu yoʻnalishda ham soʻnggi
yillarda sezilarli oʻsish kuzatilmoqda.
2026-yil avgust
holatiga koʻra, Oʻzbekistonda muomaladagi bank kartalari soni
75 milliondan oshgan. Savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida 450 mingdan ziyod
toʻlov terminali, mamlakat boʻyicha esa qariyb 47 mingta bankomat va infokiosk
ishlamoqda. Birgina 2026-yilning yanvar-iyul
oylarida toʻlov terminallari orqali 387 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ
aylangan. Bu raqam karta endi faqat bankdan pul olish vositasi emas, balki
kundalik hisob-kitobning odatiy qismiga aylanayotganini koʻrsatadi.
Pensiya va nafaqa
toʻlovlariga xizmat koʻrsatishda Xalq bankining oʻrni alohida. Naqd pensiyalarni
aholiga yetkazib berish vazifasi ham aynan ushbu bank zimmasiga yuklatilgan.
Shu bilan birga, bank naqdsiz pensiya oluvchilar uchun zarur infratuzilmani ham
kengaytirib bormoqda.
Markaziy bankning
2026-yil iyun holatidagi banklar kesimidagi maʼlumotlariga koʻra, Xalq bankida
3087 ta bankomat va 162 ta ADM mavjud boʻlib, bu tijorat banklari orasida eng
yuqori koʻrsatkichdir.
Ayrimlar
nega naqd pulga ehtiyoj sezadi?
Pensiya
oluvchilarning qariyb 11 foizi hali ham mablagʻini naqd oladi. Rasmiy koʻrsatkichlar
yaxlitlanganini hisobga olganda, gap qariyb yarim millionga yaqin inson haqida
ketmoqda. Ularning barchasini “karta ishlatishni xohlamaydiganlar” sifatida
baholash adolatli boʻlmaydi. Pensiya va nafaqa oluvchilar orasida yoshi ancha
ulugʻ, bank kartasi yoki bankomatdan mustaqil foydalanishga qiynaladigan,
harakatlanish imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan, doimiy parvarishga
muhtoj yoki yotoq holatidagi insonlar ham bor.
Bir pensioner
uchun kartadan foydalanish oddiy jarayon boʻlishi mumkin. Boshqasi uchun esa
bankomatgacha borishning oʻzi muammo. Kimdir PIN kodni eslab qolish yoki
bankomatda operatsiya bajarish uchun farzandining yordamiga muhtoj. Ayrim
keksalar uchun esa qoʻlidagi naqd pul hamon kartadagi raqamdan koʻra tushunarli
va ishonchli.
Shu sababli naqd
pensiyaga ehtiyojni faqat odat bilan izohlash toʻgʻri emas. Ayrim insonlar
uchun bu shunchaki tanlov emas, balki yoshi, salomatligi yoki yashash
sharoitidan kelib chiqadigan zarurat. Bunday fuqarolarga pensiyani Xalq
bankining sayyor kassalari belgilangan grafik asosida yetkazadi. Naqd pensiya
va nafaqa toʻlovi oy davomida tasdiqlangan grafik boʻyicha amalga oshiriladi.
Pensioner va nafaqa oluvchi sayyor kassaga oʻzi bora olmasa, mablagʻ toʻgʻridan
toʻgʻri uyiga yetkazib beriladi.
Shu nuqtayi
nazardan qaraganda, naqdsiz pensiya va nafaqa ulushi 100 foizga chiqishi shart,
degan yondashuvning oʻzi toʻgʻri maqsad boʻlmasligi mumkin. Muhimi, naqdsiz
xizmatdan foydalana oladigan insonga qulay raqamli imkoniyat yaratish va undan
foydalana olmaydigan fuqaroni ham xizmatdan chetda qoldirmaslikdir.
Ahamiyatlisi,
raqamlashtirish endi faqat karta orqali pensiya oluvchilarga tegishli emas.
Naqd pensiyani yetkazib berish jarayonining oʻzi ham elektron mexanizmga
oʻtmoqda.
Prezidentimizning
2025-yil 26-iyundagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik
xizmati qoʻmitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan
zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda
sohani raqamlashtirishga oid topshiriqlariga asosan, naqd pensiya toʻlovlarida
fuqaroni Face ID — yuzni biometrik identifikatsiya qilish orqali tasdiqlash va
elektron imzo olish mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etildi. Sayyor kassa
xodimi maxsus planshet/qurilma orqali pensionerning shaxsini biometrik
tasdiqlab, shundan keyingina toʻlovni amalga oshiradi.
Bunday mexanizmdan
maqsad aniq: pensiya mablagʻi aynan oʻz egasiga yetkazilganini tasdiqlash,
hisob-kitoblarning shaffofligini taʼminlash va turli suiisteʼmolchiliklar hamda
“soxta toʻlovlar” xavfini kamaytirishdir.
Texnologiya
insonga moslashishi kerak
Soʻnggi yillarda
pensiya tizimidagi oʻzgarishlarning yoʻnalishi aniq: naqdsiz pensiya asosiy
toʻlov usuliga aylandi. Bank kartalari, terminallar va bankomatlar soni
muntazam koʻpaymoqda.
Pensiya taʼminoti shunchaki oddiy bank xizmati emas. Bu tizimdan smartfon
va bank kartasidan bemalol foydalanadigan 60 yoshli inson ham, uyidan mustaqil
chiqa olmaydigan 90 yoshli pensioner ham foydalanadi. Shuning uchun keyingi
bosqichda raqamlashtirishning asosiy vazifasi barchani yagona texnologiyaga
majburan oʻtkazish emas, balki turli imkoniyatga ega insonlar uchun bir xil
darajada qulay xizmat yaratish boʻlishi kerak.
Kartadan foydalana
oladigan pensioner mablagʻini oy boshida olib, oʻz xohishiga koʻra tasarruf
etsin. Naqd pulga ehtiyoj sezadigan, harakatlanishi cheklangan yoki bank
infratuzilmasidan mustaqil foydalana olmaydigan pensioner esa pensiyasini
ortiqcha ovoragarchiliksiz olsin.
Bu jarayonda Xalq
bankining vazifasi ham faqat pensiya mablagʻini yetkazib berish bilan cheklanib
qolmaydi. Millionlab pensionerlarning naqd va naqdsiz toʻlovlar oʻrtasidagi
tanlovini amalda taʼminlash, sayyor kassa xizmatini saqlash bilan birga bank
infratuzilmasini kengaytirish muhim ijtimoiy vazifaga aylanmoqda. Zero,
ijtimoiy sohada raqamlashtirishning haqiqiy natijasi qancha karta tarqatilgani,
nechta bankomat oʻrnatilgani yoki qancha jarayon Face ID orqali amalga
oshirilayotgani bilangina oʻlchanmaydi. Eng muhim mezon — oʻzgarishlar inson
hayotini qanchalik yengillashtirayotganida.
Pensiya tizimidagi bu kabi tizimli islohotlar davlat ijtimoiy siyosatining inson manfaatlariga yoʻnaltirilganini amalda isbotlamoqda. Raqamlashtirish va zamonaviy bank xizmatlarining ijtimoiy sohaga integratsiya qilinishi mamlakatda aholi farovonligini oshirish va nuroniylarimizga munosib gʻamxoʻrlik koʻrsatish borasidagi davlat siyosatining muhim uzviy qismidir.
Rustam POʻLATOV,
moliyaviy tahlilchi
Hamkorlik materiali