Davlatimiz rahbari energetikani taraqqiyotning yuragi deb atab, barqaror energiya ta’minoti tadbirkorlar sarmoyasi va odamlarning ertangi kunga ishonchi uchun muhimligini ta’kidladi.
Oʻn yil avval sohadagi muammolarni hal qilish, eskirgan quvvatlarni yangilash va oʻsib borayotgan talabni qoplash vazifalari belgilab olingan edi. Buning uchun energetika bozori xususiy sarmoyaga ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. Oʻtgan davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya kiritildi, hamkor davlatlar soni 2-3 tadan 10 tadan ortiqka yetdi.
Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31 foizga koʻtarildi. “Yashil” quvvatlar 11,1 gigavattni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 28 foizga oshib, 2 ming 300 kilovatt-soatga yetdi.
Bugun umumiy qiymati 4 milliard 700 million dollarlik 6 ta yirik loyiha boʻyicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.