Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning yuqori oʻsish surʼatlariga mos ravishda transport tizimini ham rivojlantirish, sohaga katta hajmda investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, aniq natijalarga erishish zarurligini taʼkidladi.

Soʻnggi oʻn yilda yoʻl sohasiga 80 trillion soʻm ajratilib, 7 ming kilometr yoʻl qayta qurildi, 125 ming kilometr yoʻl taʼmirlandi. Yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish, sohaga 20 milliard dollar mablagʻ olib kirish imkoniyati mavjud.

Hozirda umumiy qiymati 5,6 milliard dollar boʻlgan, jami 593 kilometrlik pulli yoʻllarni qurish boʻyicha 5 ta loyihaga kirishilgan. Toshkent – Samarqand yoʻnalishida 2,2 milliard dollarlik yoʻl qurilishi boshlangan, Toshkent – Angren yoʻnalishidagi 1,6 milliard dollarlik loyiha boʻyicha tender jarayonlari yakuniga yetmoqda.

Mutasaddilarga Toshkent – Chorvoq, Samarqand – Buxoro yoʻnalishlari va Taxtaqoracha dovonidagi yoʻllar boʻyicha jami 1,8 milliard dollarlik loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini yakunlab, investorlarga taqdim etish topshirildi.