Muloqot davomida ikki davlat oʻrtasidagi bojxona hamkorligini yanada rivojlantirish, amaldagi kelishuvlarni takomillashtirish hamda chegara bojxona postlarida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Hayraton–Ayritom chegara bojxona posti orqali yuk transport vositalari harakati bilan bogʻliq mavjud muammolar koʻrib chiqildi. Xususan, transport vositalarining toʻplanib qolishi va rekonstruktsiya ishlari sababli yuzaga kelayotgan noqulayliklar muhokama markazida boʻldi.
Shuningdek, tomonlar chegaradan oʻtkazish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirishga xizmat qiluvchi «Yashil yoʻlak» mexanizmini joriy etish, axborot almashinuv tizimini takomillashtirish hamda bojxona tartib-taomillarini uygʻunlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Muzokaralar chogʻida bojxona sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ikki tomonlama bitim loyihasi ham muhokama qilindi. Afgʻoniston tomoni «Yashil yoʻlak» mexanizmi boʻyicha oʻz takliflarini yaqin kunlarda taqdim etishini ma’lum qildi. Shuningdek, axborot almashinuvi boʻyicha rasmiy pozitsiya ham qisqa muddatlarda bildirilishi qayd etildi.
Oʻzbekiston tomoni yuk tashish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash, bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud muammolarni birgalikda hal etish, amaliy hamkorlikni kuchaytirish va doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.