Inson qadrini ulugʻlash va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan izchil islohotlar bugun mahallalar qiyofasida, odamlarning kundalik hayotida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Oʻzgarish mahallasi bu boradagi yangilanishlarning yorqin namunasidir. Ushbu hududda 45 ta koʻp qavatli uy, 1 ming 620 ta xonadon mavjud. Ularda 6 ming 700 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Mahallada yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilib, zamonaviy infratuzilma va qulay ijtimoiy muhit yaratildi. Xususan, 10 ta bolalar maydonchasi, mini-futbol maydoni, 2 ta salomatlik hududi barpo etildi.

Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan zamonaviy kogeneratsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Qayd etilganidek, ushbu markaz kuz-qish mavsumida mahallaning issiqlik va elektr energiyasi taʼminoti barqarorligiga xizmat qiladi. Kogeneratsiya texnologiyasi orqali tabiiy gazdan avval elektr energiyasi olinadi, soʻng ajralgan issiqlik suv va xonadonlarni isitishga yoʻnaltiriladi. Bu energiya samaradorligini oshirib, isrofgarchilikni kamaytiradi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,8 million dollarni tashkil etadi. Bu yerga Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshenli qurilmalar va qozonlar oʻrnatilgan. Markaz yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 80 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega.

Loyiha doirasida 2 kilometr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr liniyasi qurilib, umumiy tarmoqqa ulandi. Natijada tuman markaziy elektr tarmogʻidagi yuklama 3 foizga kamaydi. Markaz ishga tushishi bilan 10 ta doimiy ish oʻrni yaratildi.

Shu bilan birga, mahallaning umumiy infratuzilmasi ham tubdan yangilandi. 1,4 kilometr piyodalar yoʻlaklari barpo etildi, 12 ta koʻp qavatli uyning fasad qismi taʼmirlandi, ichki yoʻllarga asfalt yotqizildi. Hududni koʻkalamzorlashtirish maqsadida 2 ming 720 tup manzarali daraxt va buta koʻchatlari ekildi.

Prezidentimiz “mahalla yettiligi” va hudud faollari bilan samimiy suhbatlashdi. Bu yerdagi oʻzgarishlar aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan ishlar natijasi ekani taʼkidlandi.

– Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarimiz aynan mana shu Sergeli tumanidan boshlangan edi. O‘z vaqtida bu hududga zamonaviy metro liniyasini olib kelish tashabbusini ilgari surganimizda, ushbu yirik loyihaning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgani sir emas.

Biroq bugun mana shunday ko‘rkam va obod maskanlarni, eng muhimi, siz kabi aziz yurtdoshlarimizning mamnun chehralarini ko‘rib, tanlagan yo‘limiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Bugungi tashrifimizdan maqsad ham sizlar bilan bevosita muloqot qilish, taklif va tashabbuslaringizni tinglashdir, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yoʻl-yoʻlakay Sergeli tumanidan oʻtuvchi yer usti metro yoʻnalishi ostida tashkil etilgan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyati bilan ham tanishdi.

Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, boʻsh maydonlarni aholi uchun qulay, iqtisodiyot uchun samarali maskanlarga aylantirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yer usti metro yoʻli ostidagi 5,7 gektar maydon tubdan yangilandi.

Bu yerda 137 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 250 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Metro ostida 4 kilometr piyodalar va velosiped yoʻlagi, 2 ta bolalar maydonchasi va sport zonalari tashkil qilindi. Aholi hordiq chiqarishi uchun 100 ta oʻrindiq va 40 ta zamonaviy manzarali chiroq oʻrnatildi.