Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan “WaterCon” delegatsiyasining Oʻzbekistonga biznes-missiyasi tashkil etildi. Safar davomida kompaniya vakillari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligida muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni chuqur qayta ishlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida “WaterCon” kompaniyasi va Jizzax viloyati hokimligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga koʻra, Yangiobod tumanida 500 gektar maydonda zamonaviy zaytun plantatsiyasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida zaytun yetishtirish bilan bir qatorda, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Keyingi bosqichlarda zaytunni sanoat usulida qayta ishlash, tayyor mahsulotni qadoqlash va “Made in Uzbekistan” brendi ostida xorijiy bozorlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Tomonlar loyihani amalga oshirish uchun zarur infratuzilmani shakllantirish va tashkiliy ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha keyingi qadamlarni ham belgilab oldi.