Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 7 trillion soʻmdan 65 trillion soʻmga, eksport esa 75 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda har yili 50-55 milliard dollar investitsiya jalb etilayotgani qurilish mahsulotlari uchun katta ichki bozorni shakllantirmoqda. Qoʻshni va yaqin mintaqalarda ham bu mahsulotlarga yillik talab 50 milliard dollarga baholanmoqda.

Yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni koʻpaytirish, mahalliy developerlarni xorijiy tenderlarga olib chiqish va arzon hamda uzluksiz logistika zanjirlarini yaratish hisobiga eksportni yaqin yillarda 5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.

– Lekin hozirgi tez oʻzgaruvchan bozor sharoitida tadbirkorlar bilan yilda bir emas, kerak boʻlsa, har oyda muloqot qilish zarur, – dedi Prezidentimiz.

Bu borada vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar oldiga aniq talab qoʻyildi.