“Aloqali koʻl” Hazorasp tumanining chekka mahallalaridan. Ammo, hozirda barcha hududlarda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar ushbu hududni ham chetlab oʻtmagan. Aksincha, mahallada hozirda toʻrtta yirik parradanchilik majmuasi bunyod etilyapti.
«Hazorasp oltin chichen» fermer xoʻjaligi 201 ming, «Hazorasp texno parranda» 301.5 ming, “Hazorasp oltin tovuqlar” 201 ming va “Hazorasp oltin tuxum parranda” 402 ming AQSH dollari hisobiga yirik parrandachilik majmualari qurishni boshladi. Ushbu tadbirkorlik subyektlari aynan parrandachilikni rivojlantirish uchun yangidan tashkil qilingan fermer xoʻjaliklari hisoblanadi.
«Oʻzsanoatqurilish bank» tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar majmualar ishga tushgach, bir mavsumda oʻzini qoplaydi. Negaki, ushbu yirik parrandachilik majmualarida 300 minggacha parranda parvarishlash mumkin boʻladi.
Yangicha koʻrinishdagi «Texno» usulida qurilayotgan parrandachilik majmualarida tuxum va parranda goʻshti yetishtirilib, ichki bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu bilan nafaqat tuman, balki qoʻshni tumanlar aholisining shu mahsulotlarga boʻlgan talab va ehtiyoji toʻla qoplanishiga erishiladi.
Ayni paytda “Aloqali koʻl” mahallasidan yuzlab yoshlar ish bilan taʼminlanadi.
Roʻzimboy HASAN,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri