Uch kundirki, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus tumanidagi Yoshlar ovozi festivali oʻtkazilayotgan maxsus pavilyon, erta tongdan to yarim tungacha jurnalist, blogerlar, hakamlar hayʼati aʼzolari, ishtirokchi yoshlar, ularning ustozlari va yaqinlari bilan gavjum.

“Boʼzatov FEST” Yoshlar ovozi festivalining respublika bosqichi aynan shu maskanda boʻlib oʻtmoqda .

13-may kuni estrada yoʻnalishida boʻlib oʻtgan tanlovning navbatdagi yoʻnalishi, yanada shiddatli va yorqin xotiralarga boy tarzda yakunlandi.

­- Maʼlumotlarga qaraganda, ruh inson vujudiga musiqa vositasi orqali kiritilgan ekan. Balki, shuning uchun ham huzurbaxsh musiqa va qoʻshiqni tinglaganda ruhimiz orom olib, kayfiyatimiz koʻtarilar. Yoqimli qoʻshiq esa, bir oz boʻlsada tashvishlarni unutishga, hayotga ishonch va zavq-shavq bilan qarashga yordam beradi. Bugun, bu sahnada kuylayotgan yoshlarning qoʻshiqlarini eshitib, bu yerda tanlov emas, iqtidorli estrada xonandalarining gala konserti boʻlyapti-mi degan xayolga borish hech gap emas. Ushbu tanlov, yosh yulduzlarni aniqlab olish bilan birga, unda qatnashayotgan har bir kishiga maʼnaviy kuch va shijoat ham bagʻishlaydi. Festivalni, maʼnaviyat sarchashmasi guldastasi ham deyish mumkin.

Ha, tanlovning uchinchi kuni, chindan ham esda qoladigan darajadagi katta konsert dasturiga aylanib ketdi. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan 40 nafar, 10 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan qatnashchilar estrada yoʻnalishida oʻz iqtidorlarini namoyish qildilar. Tanlov ishtirokchilarining qoʻshiqlarini tinglar ekanmiz, haqiqiy ovoz egalarini aynan shu yerda kashf etgandek boʻldik. Ayniqsa Sirdaryoning Guliston shahridan tashrif buyurgan ishtirokchi, 15 yoshli Laylo Sharofiddinovaning shirali ovozida yangragan qoʻshiqni jon qulogʻimiz bilan tinglar ekanmiz, qoʻshiqning inson ongi va hissiyotiga taʼsir etishning ajoyib kuchi uning ruhiy jarayonlarga hamohangligini yanada teranroq anglagandek boʻldik.

- Men, tanlovning mahalla, sektor, tuman, shahar va viloyat bosqichlaridan oʻtib, Respublika bosqichiga yetib kelguncha ustozlarim koʻmagida tinmay izlanishga harakat qildim. Qoʻshiq aytish esa jonu dilim. Mashhur Amerika estrada yulduzi Uitni Xyustonning "I have nothing“ va Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Dunyo” qoʻshiqlarini ijro etdim. Festivalda gʻolib boʻlishga ahd qilganman. Zero, Prezidentimiz biz yoshlarga shunchalar imkoniyat yaratib berib, ishonch bildirgan ekan, oʻz intilishlarimiz bilan ishonchni oqlashimiz va shunga yarasha javob berishimiz shart. Agar gʻolib boʻlsam, ishonchni toʻla oqlagan boʻlaman va yanada yuksak marralarni egallash uchun intilaman. Mabodo oʻrin ololmasam, unda, ikki karra mehnat qilaman va kelgusi yili albatta gʻolib boʻlaman!

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Anvar TUYCHIYEV olgan suratlar