Qayd etilishicha, birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy veb-saytlariga 2022 yilning har choragida budjet jarayonining ochiqligiga doir axborotning joylashtirilishi yuzasidan masofaviy tarzda o‘rganishlar o‘tkazib borildi.
2022 yil II chorak yakunlari bo‘yicha ushbu yo‘nalishdagi ishlar holati respublikaning 208 ta tuman va shahar hokimliklari kesimida o‘rganildi. Natijada, 44 ta hokimlik maʼlumotlarni to‘liq joylashtirgani, 5 tasi – to‘liq joylashtirmagani va 159 tasi – umuman joylashtirmagani aniqlandi.
Maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirmagan hokimliklar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 14 ta taqdimnomalar yuborildi.
Ushbu taqdimnomalarga asosan hududiy hokimliklarda maʼlumotlarni veb-saytlarga joylashtirishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 83 nafar masʼul xodimga nisbatan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi hamda 2 nafar masʼul xodimga nisbatan “Jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
2022 yil III chorak davomida 137 ta davlat tashkilotlari o‘rganilib, 95 ta tashkilot (69%) tomonidan barcha maʼlumotlarni joylashtirgani, 22 tasi (16%) maʼlumotlarni to‘liq joylashtirmagani hamda 20 tasi (15%) maʼlumotlarni umuman joylashtirmagani aniqlandi.
Natijada, Hisob palatasi tomonidan Nizom talablariga rioya qilmagan 11 ta vazirlik va idoralarning 12 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1757-moddasi (budjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga murojaat qilindi va ularning tegishli qarorlari chiqarilishiga erishildi.
2022 yil IV chorak yakunlari bo‘yicha 134 ta vazirlik va idoralarning budjet jarayonining ochiqligi sohasidagi faoliyati o‘rganildi. Ushbu davr mobaynida, 72 tasi davlat tashkiloti maʼlumotlarni to‘liq joylashtirgani, 24 tasi – to‘liq joylashtirmagani va 38 tasi umuman joylashtirmagani aniqlandi.
Hisob palatasi yuqorida keltirilgan davlat tashkilotlari tomonidan budjet jarayonining ochiqligiga doir maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilishini taʼminladi.