Xususan, Namangan shahrida yashovchi, 1999-y.t. fuqaro “J.A.” “Telegram” messenjeri orqali Rossiya Federatsiyasida ishlaydigan “Shuhrat” ismli shaxs bilan tanishib, diniy mavzularda oʻzaro yozishmalarni amalga oshiradi.

Yangi tanishi esa unga xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning gʻoyaviy rahnamolari boʻlgan “Abu-Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning audio, video maʼruzalarini yubora boshlaydi.

Natijada “J.A.” “Telegram” messenjerida kanal ochib, uning aʼzolariga aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan elektron kitoblar, foto, audio, video materiallarni targʻib qiladi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “J.A.” huquq-tartibot idoralariga chaqirtirilib, uning mobil aloqa vositasi tekshirib koʻrish maqsadida olib qolinadi.

Soʻngra “J.A.” eski telefoni orqali “Shuhrat” bilan bogʻlanib, boʻlgan voqeani aytganida, “Shuhrat” huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni qoʻlga olishi mumkinligini aytib, zudlik bilan Qozogʻistonga chiqib ketishi kerakligini bildiradi. Shundan keyin “J.A.” Toshkent viloyatiga borib, “Gʻisht-koʻprik” xalqaro oʻtkazish punktidan Qozogʻiston Respublikasiga oʻtishni reja qiladi. Ammo, xorijga chiqish pasporti yoʻqligi bois, uning rejasi amalga oshmaydi.

Soʻngra “Shuhrat” bilan qayta bogʻlanib, undan Fargʻona viloyatining Quva tumaniga borish hamda u yerdan aylanma yoʻllar orqali Qirgʻizistonga oʻtib ketish topshirigʻini oladi. Shuningdek, “Shuhrat” unga Qirgʻizistonga chiqish yoʻllarini ham oʻrgatadi.

Natijada “J.A.” “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtishga uringan vaqtida qoʻlga olinadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita xulosasiga koʻra, “J.A.” tomonidan “Telegram” messenjeri orqali tarqatilgan materiallardagi maʼlumotlar aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan boʻlib, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.

Uning sodir etgan noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi va jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudi tomonidan “J.A.”ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.