Insoniyat yaralibdiki, uning qalbi ana shu sirli ohanglar, yurak tugʻyonlariga joʻr.

Nurota togʻ tizmalarida jaranglayotgan, koʻhna Forishni, uning mehnatkash odamlarini ulugʻlayotgan bu qadim ohanglar “Bogʻdon gullari” taratayotgan ifordir. Oʻz yurtini sevib, jondan kuylayotganlar qadim ota-bobolaru momolardan meros udumlar, urf-odatlar, oʻlanu lapar, xalq qoʻshiqlarini sayqallab, madaniyatimiz, sanʼatimiz xazinasiga hissa qoʻshishda xizmat qilib kelmoqda.

Bugungi kunda dasta ishtirokchilari 18 nafarni tashkil etadi. Ularga badiiy va musiqa rahbarlari folklor sanʼati sirlarini oʻrgatib kelmoqda. Uning dasturidan hududga xos milliy udumlarni oʻzida mujassam etgan “Gashtak koʻpkari”, “Yil boshi”, “Kokil toʻy” marosimlari, bayramlarga bagʻishlangan “Navroʻz sayli”, “Tut sayli”, “Lola sayli” dasturlari, xalq qoʻshiqlaridan “Boʻshama”, “Ber baraka”, “Qarqara qushim”, “Bir pari”, kabilar, “Yozi kal” oʻlan aytishuvlari oʻrin olgan. Shuningdek, “Vatan bu”, “Shunday goʻzal zamona”, “Navroʻz keldi elimga”, “Oʻlkamda bayram”, “Navroʻzimga salom”, “Yurtimda shodiyona”, “Larzongul” kabi yangi talqindagi bir qancha qoʻshiqlar ular tomonidan ijro etib kelinmoqda.

— Madaniyat va sanʼatning paydo boʻlishi, rivojlanishi kishilik jamiyatining eng qadimiy bosqichlariga borib taqaladi, — deydi badiiy raxbar Bahrom Mavlonov. — U insonning kelib chiqishi bilan uzviy bogʻliq. Bugungi kunda “Bogʻdon gullari” repertuaridagi tuman hududiga xos xalq ogʻzaki ijodi namunalarida barcha qadriyat oʻz aksini topgan. Dastlab jamoa Zafar Jumayev rahbarligida 1978-yil “Sayyod” nomi bilan tashkil etilgan. Bu davrda musiqachi Sh.Qosimov va ishtirokchilar Munavvar ota Akromov, M.Qoʻndiyeva, A.Tursunmurodova, T.Bobonova, X.Komilova, Ya.Eryigitova, M.Kamolova, U.Kamolova, G.Eshonqulova, T.Eshonqulova, N.Keldiyorov, T.Jumayeva, N.Kamolov, A.Otabullayev, K.Odilova, K.Tilabov xalq qoʻshiqlarini toʻplash va ularni ijro etish bilan shugʻullangan. Natijada jamoa repertuari kun sayin ortib, tumanga xos milliy udumlar, marosim qoʻshiqlarini yigʻib, ularni yangi talqinda sahnaga olib chiqqan. Dasta 1982-yildan boshlab “Bogʻdon gullari” nomi bilan faoliyat yurita boshladi. Bir necha yillardan buyon turli koʻrik-tanlovlarda, nufuzli festivallarda ishtirok etib kelmoqda.

2018-yilda jamoa Qashqadaryo viloyatida ilk marotaba oʻtkazilgan Birinchi xalqaro maqom festivalidagi faol ishtiroki uchun faxriy yorliq bilan mukofotlandi. 2020-yilning 11-13-iyul kunlari Margʻilon shahrida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali boʻlib oʻtdi. Unda “Bogʻdon gullari” oʻzining “Darvishona” marosimi bilan ishtirok etdi. Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Eron, Hindiston hamda yurtimiz hakamlari hayʼati tomonidan xalqaro koʻrik-tanlov ishtirokchilari baholanib, “Faol folklor jamoasi” nominatsiyasiga ega boʻldi. Diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Bugungi kunda nafaqat qoʻshiqlar ustida ishlash, balki yosh avlodni ansamblga jalb etish, ularga koʻhna Forish xalqining urf-odatlari, milliy qoʻshiqlari va xalq oʻyinlarini oʻrgatishni maqsad qilgan.

Xolnisa RAHMONQULOVA