Bolalarda bronxial astma kelib chiqishining yana bir sababi — ota-onalardagi davomli ruhiy tushkunlik

    Depressiya tufayli farzandlarida astmaga chalinish ehtimoli 55 foizga ortishi aniqlandi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, nasliy va kasbiy omillar, ekologik muammolar, semizlik, notoʻgʻri ovqatlanish, turli mikroorganizm va allergenlar... Bular — bronxial astma xastaligini keltirib chiqaruvchi sabablar roʻyxatida yetakchi.

    Ammo bolalarda mazkur xastalikni yuzaga keltiruvchi yana bir muhim faktor bor. Buni Avstraliyaning Kvinslend universiteti olimlari aniqladi. Qayd etilishicha, ota-onalardagi davomli ruhiy tushkunlik kelgusida ularning farzandlarida astma xastaligini paydo qilishi mumkin.

    Ushbu ilmiy xulosani jamoatchilikka taqdim etish uchun 14-yil zarur boʻldi. Uzoq yillik tadqiqot davomida mamlakatda yashovchi 3900 nafardan ortiq bolalarga tegishli tibbiy maʼlumotlar tahlil qilindi.

    Oʻrganishlar yakunida ota-onalari oʻrta va yuqori darajada stressni boshdan kechirgan oʻgʻil-qizlarda 77 foiz koʻproq nafas qisishi va hansirash xurujlari kuzatilishi maʼlum boʻldi.

    Alohida mezonlar boʻyicha tahlil qilinganda, onalaridagi depressiya tufayli farzandlarida astmaga chalinish ehtimoli 55 foizga ortishi aniqlandi.

    Shuningdek, ota-onalari oʻrtacha moliyaviy qiyinchiliklarga roʻbaroʻ kelgan oilalarda dunyoga kelgan oʻgʻil-qizlarda bu koʻrsatkich 40 foizdan koʻproqni tashkil etgan.

    Eslatib oʻtamiz, hozirgi kunda dunyo boʻyicha oʻrtacha 5 foiz aholi bronxial astma tashxisi bilan yashamoqda. Bolalar oʻrtasida bu statistika yanada yuqori — 10 foizga teng.