2025-yilda ilk bor bolalar oʻrtasida semirish holatlari ozgʻinlik koʻrsatkichlaridan ancha yuqori boʻldi.
Shundan kelib chiqib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan ilk bor maktablarda sogʻlom ovqatlanish boʻyicha ishlab chiqilgan global tavsiyalar eʼlon qilindi.
Maʼlumotlarga qaraganda, maktab yoshidagi har oʻninchi bola va oʻsmir semirishdan aziyat chekyapti. Har beshinchisi, yaʼni jami 391 million nafar oʻgʻil-qiz ortiqcha vaznga ega. Shuningdek, dunyo aholisi orasida 800 milliondan ortiq kishi qandli diabetga chalingan.
Shu maʼnoda, kunning katta qismini maktabda oʻtkazadigan millionlab bolalar uchun ovqatlanish ratsioni muhim. JSST rahbari fikricha, umumtaʼlim muassasalarida sogʻlom taomlanish kelajakda turli kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.
JSST tavsiyalari maktablarda zararli mahsulotlar, xususan, shakar, tuz va transyogʻlar isteʼmolini kamaytirish, aksincha meva-sabzavot, yongʻoq, don va dukkakli mahsulotlar ulushini oshirishni nazarda tutadi.
Tashkilot yangi qoʻllanmani amaliyotga joriy etish uchun mamlakatlarga texnik koʻmak koʻrsatishni rejalashtirmoqda.