Sessiyada soʻzga chiqqan viloyat IIB YHXB boshligʻi Anvar Ahmedovning axborotiga koʻra, joriy yilning 9 oyi yakuni boʻyicha sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 30 taga yoki 10,6 foizga kamaygan.
Shunday boʻlsa-da, yoʻl-transport hodisalari Jondor (3 taga), Peshkoʻ (1 taga), Qorovulbozor (1 taga) tumanlari hamda Buxoro shahrida (4 taga) koʻpayishiga yoʻl qoʻyilganini taʼkidladi.
Yoʻl-transport hodisalarining 52 tasi tezlikni oshirish oqibatida sodir etilganligi aniqlangan. Buxoro shahrida umumiy 68 ta yoʻl-transport hodisalari sodir etilgan boʻlib, hodisalarning 9 tasi oʻlim bilan yakunlangani aytib oʻtildi.
Sessiyada harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha viloyat maxsus komissiyasining Buxoro shahridagi I.Karimov, M.Iqbol, Namozgoh, Ibn Sino, B.Naqshband hamda Navoiy shoh koʻchalarida transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligini soatiga 60 km etib belgilash yuzasidan taklifi koʻrib chiqildi.
Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari eshitildi va maʼqullandi hamda ushbu taklifni tasdiqlash uchun yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etish belgilandi.