Jumladan, ushbu innovatsion loyiha doirasidagi "Karvon Shopping Centre" savdo majmuasi binosining qurilish ishlari yakunlanish arafasida turibdi.
Xususan, kuni-kecha viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo'yicha o'rinbosari Botir SHaxriyorov boshchiligidagi qator mas'ullar mazkur ob'ektlar qurilishi olib borilayotgan maydonga tashrif buyurib, so'nggi qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, loyihaning o'z vaqtida va mukammal darajada yakunlanishi bo'yicha zaruriy taklif va tavsiyalar berildi.

Amerikalik investorlar va mahalliy tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan barpo etilayotgan yirik majmua eng so'nggi zamon talablariga mos ravishda tashkil etilmoqda. Mazkur savdo majmuasi 1717 ta xalqaro brendlar va hunarmandlar uchun savdo do'konlari, 36 ta umumiy ovqatlanish shuningdek, 100 dan ortiq maishiy va texnik xizmat ko'rsatuvchi shaxobchalari, avia va temir yo'l kassalari, bank filiallari, ko'ngilochar va axborot markazlarini o'z ichiga oladi.

O'ylaymizki, majmua ishga tushirilgach, mahalliy aholi va viloyatimiz mehmonlarini xarid va dam olish maqsadida jalb qiluvchi sevimli manziliga aylanadi. Ayniqsa, shopping-centre ishga tushishi Buxoroning turizm salohiyatining yanada oshishiga, mehmon va sayyohlarning qo'shimcha yana bir kun qadim shaharda qolishiga, ularning vaqtlarini qiziqarli va maroqli o'tishiga xizmat qiladi.

Umumiy qiymati 50 mln dollarni tashkil etadigan mazkur ob'ekt, viloyat iqtisodiyoti o'sishida muhim ahamiyat kasb etib, ko'plab tadbirkorlarimiz uchun qulay imkoniyatlar yaratilishi va mablag'lar legallashtirilishiga zamin yaratadi. Qolaversa, ushbu ob'ekt faoliyati yo'lga qo'yilgach, kelgusida 6500 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.


SHahar ichra mo'jaz shahar - "Bukhara city" majmuasida joylashgan "Karvon Shopping Centre" foydalanishga topshirishga shay turgan bir paytda, mazkur majmuaning yana bir inshooti bo'lmish 12 qavatli "IT-park" hududida zamonaviy, yirik mehmonxona binosiga tamal toshi qo'yildi.

Mazkur 9 qavatli mehmonxonaning umumiy er maydoni 1,44 ga bo'lib, maydoni 4000 km.ni tashkil etadi. Ob'ektning umumiy quvvati 400 ish o'rniga mo'ljallangan bo'lib, u 250 o'rinli konferents zali, 100 dan ortiq yangi IT korxonalar, 500 dan ortiq frilanserlar, 200 ta elektron-tijorat, qishloq xo'jaligi, sun'iy intellektdan iborat Startup-loyihalarni o'zida mujassam etadi. Majmua qurib bitkazilgach, 35000 nafar tinglovchilarni o'z bag'riga sig'dirib, 1000 dan ortiq davlat xizmatchilari malakasini oshirishga xizmat qila oladi.

Qator nufuzli hamkorlar bilan birgalikda yo'lga qo'yilgan ushbu loyihaning yakuniy bosqichida 1000 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.