Bosh vazir Boris Jonson emlash kampaniyasining samaraligi va tezligiga umid qilmoqda: unga koʻra, barcha yoshi kattalar sentyabr oyining oʻrtalariga qadar toʻliq emlanadi.

«Biznesning barcha turlari, shu jumladan tungi klublar ochilishiga ruxsat beriladi. Qariyalar uylariga, konsertlar, teatrlar, sport tadbirlariga keluvchilar soniga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinadi. Biz ijtimoiy masofa saqlash va niqobni majburiy taqishni bekor qilamiz. Ammo siz yuqumli kasalliklar koʻpayganida yoki begonalar bilan yaqin aloqada boʻlishingizga toʻgʻri kelsa, shuningdek jamoat transportidan foydalanganingizda ushbu qoidalarga amal qilishda davom etishingiz mumkin, — deya Jonson soʻzlarini keltiradi Euronews.

Soʻnggi paytlarda Britaniyada kasallanish doimiy oʻsib borganligi va delta shtammining tarqalayotganini hisobga olib, shifokorlar va mutaxassislar bu ishni qoʻllab-quvvatlamayapti. Qoʻshni davlatlarning baʼzilari Buyuk Britaniya bilan aloqani toʻxtatish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, orolga qoʻrquv bilan qarashmoqda.

Buning fonida Kembrij gersoginyasi Keyt kasal odam bilan aloqada boʻlganligi sababli oʻn kunlik izolyatsiyaga olindi. Shu sababli, u bir qator tadbirlarda, shu jumladan Londonda boʻlib oʻtadigan Angliya-Daniya yarim finalida turmush oʻrtogʻiga hamrohlik qila olmaydi.