Byudjet mablagʻlari yoʻnaltirilgan maqsadlarni ochiqlamagan 8 ta mahalliy hokimlik ogohlantirildi

    Byudjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi hamda ushbu jarayonning barcha bosqichlari ochiq va shaffof boʻlishi korrupsiyaning oldini olishda muhim hisoblanadi.

    Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi Farmonida ayni jihatga alohida urgʻu berilib, mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi hamda mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jamoatchilikka ochiq eʼlon qilib borilishi majburiy etib belgilangan.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farmonning ijrosi mahalliy hokimliklar tomonidan oʻz vaqtida taʼminlanishi doimiy monitoring qilib borilmoqda. Jumladan, 2022-yilning 1-choragi yakunlariga koʻra, mahalliy byudjet daromadlar rejasining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiqlanishi holati oʻrganildi.

    Natijada Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona va Toshkent viloyati hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida yuqorida qayd etilgan maʼlumotlar oʻz vaqtida eʼlon qilib borilayotgani, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Namangan, Xorazm viloyati hokimliklari tomonidan esa qisman ochiqlangani aniqlandi.

    Shuningdek, Andijon viloyat hokimligi rasmiy veb-saytida bunday maʼlumotlar soʻnggi bor 2021-yil 1-choragi holatiga joylashtirilgan, Toshkent shahar hokimligi tomonidan umuman ochiqlanmagan.

    Agentlik tomonidan monitoring natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni barataraf etish hamda kelgusida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga qatʼiy rioya etilishini nazoratga olish boʻyicha 8 ta mahalliy hokimlikka ogohlantirish yuborildi.