Mualliflik huquqi muhofazasi intellektual mulk sohasida alohida fenomen hisoblanadi va muhofazaning maxsus belgilari mavjud. O’zbekistonda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to’g’risida”gi qonunga muvofiq ular quyidagilardan iborat:

  • aylana ichidagi lotincha “C” harfi;
  • mutlaq mualliflik huquqlari egasining ismi sharifi;
  • asar birinchi marta chop etilgan yil.

Bevosita tasviriy san’at asarlariga to’xtaladigan bo’lsak, insoniyat tarixi rivoji bilan, xususan Renessans davridan so’ng ularning ahamiyati va qiymati oshib bordi. Bu o’z navbatida ularga bog’liq bo’lgan munosabatlarni tartibga solishni talab etdi.

Hozirgi davrga ega kelib tasviriy san’at ham o’zgardi va uning raqamli shakli yoki ekvivalentlari paydo bo’ldi.

Buning eng keng tarqalgan turi NFT – almashib bo’lmas tokenlar hisoblanadi. Ular blokcheyn asosida yaratiladi. Bu nima degani? Bu ularda originallik va mualliflik huquqi raqamli ko’rinishda mavjud degani.

Aynan NFT’lar hozirgi kunda katta bozorga aylangan va son-sanoqsiz auksionlarda raqamli ijod namunalari qayta va qayta sotiladi. Ushbu jarayonlarda shuningdek, birgina asar bir necha mulkdorlarga ega bo’lishi mumkin. Bu qanday yuz beradi? Tasviriy san’at namunalari NFT holida yaralganda ijodkor uni bir yoki ko’p nusxada chiqarishi va auksionga qo’yishi mumkin.

Bu esa ergashma huquqning muhim bandlaridan biri, asar muallifi mulkdordan o’z asarini takrorlash huquqini talab qila olish bandlaridagi munosabatni o’zgartiradi. Yani muallif oldindan ommaviy oferta ko’rinishida bu huquqni talab qilishini ma’lum qiladi. Mulkdor sotib olgan tasviriy san’at namunasi ertasi kuniyoq takrorlanishi mumkin.

NFT’lar asosan auksionlarda sotilishini hisobga olsak, bu ergashma huquqning yana bir e’tiborli jihati, muallifning sotuvchidan qayta sotish miqdorining (yigirma foizdan yuqori holda) 5 foizini muallifga haq sifatida to’lash masalasiga e’tibor qaratishga chaqiradi.

Buni qanday hal qilish mumkin? NFT savdolari kechadigan har bir platforma o’zi tanlagan kriptovalyutaga ega. U yerdagi savdolarda qatnashish uchun maxsus hamyon yaratiladi. Ushbu hamyon bevosita muallif yoki sotuvchi auksionga qo’ygan ijod namunasiga biriktirilgan bo’ladi.

Shu orqali tasviriy san’at namunasi har safar 20 foizdan ortiqroqqa qayta sotilganda muallifga uning 5 foizini avtomatik ko’rinishda to’lash mumkin.

Hammasi shu qadar osonmi? Raqamli texnologiyalar tadbiq etilishi murakkab jarayon va u qimmat turadi. Ikkinchidan, NFT savdolari bilan shug’ullanuvchi platformalar son-sanoqsiz va ularga obyektiv baho berish yoki ma’lum bir standart o’rnatish mushkul ish.

Nima qilish mumkin? Bozorlarni o’rgangan holda ular asosida standartlar joriy qilish va mualliflarni maxsus kodlar orqali himoyalash. Bu nima degani? Maxsus kod orqali bir auksionda, ma’lum bir kriptovalyutaga sotilgan tasviriy san’at namunasini qayta sotuvi faqat shu asoslarda yuz berishi kerak. Bu aynan ruxsat etilmagan harakatlarning oldi olinishi va ularning cheklanishini ta’minlay oladi.

NFT va ularning atrofidagi masalalarga xalqaro hamjamiyat berayotgan fikrlarni e’tirof etish maqsadga muvofiq.

Xususan, Britannika Ensiklopediyasi NFT mualliflarga nafaqat o’zining elektron ijod namunalarini imzolash balki undan foyda qilish imkoniyatini ham yaratadi deb hisoblaydi. The Forbes nashri esa NFT juda katta tavakkal ekani va uning kelajagi hali noma’lum ekanini qayd etgan.2

Skadden xalqaro yuridik firmasi mutaxasislari esa real hayotda mavjud ijod namunalarining raqamli tasviriy san’at namunasi holida sotilishi mualliflik va foydalanish huquqi masalarida muammolar yuzaga keltirayotganini ta’kidlagan.

O’zbekistonda NFT’lar hali rivojlanmagan bo’lsa-da, ergashma huquq muhofazasi faqatgina NFT bilan cheklanadi deya xulosa qilish noto’g’ri. Hozirda tasviriy san’at namunalari tobora ko’payib bormoqda va ularning savdosi ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan, xususan, Instagram.

Ijtimoiy tarmoqda o’z ijod namunalarini sotuvchilar ko’pincha post orqali sotuv haqida e’lon beradi. Unda kartina haqida batafsil ma’lumot va narx e’lon qilinadi. O’z navbatida Instagram profillarni tomosha qilish uchun pulli obunani joriy qildi, lekin bu hali ommalashmadi. Shunga qaramay, u yerda oshkor qilish, oferta kabi harakatlar bazida ongli va bazida ongsiz ravishda amalga oshirilmoqda. Bu esa intellektual mulk huquqi uchun yana bir sfera paydo bo’lganini anglatadi.

U yerdagi namunalar ham muhofazaga muhtoj chunki postlarni muallifning xabari va ruxsatisiz bemalol skrinshotga olish yoki yuklab olish mumkin. Buni oldini olishning yechimini esa Telegram tadbiq etdi. U xususiy kanallarda skrinshot olish, xabarni boshqa kanal, chatlarga yuborish huquqini faqat kanal egasiga qoldirdi.

Bu menimcha, mualliflik huquqi, jumladan ergashma huquqni muhofaza qilish uchun texnik vosita sifatida qayd etilishi mumkin.

Ergashma huquq muhofazasi esa hozirda bevosita to’lov masalasi bilan bog’liq. Chunki sotuvlarni tasdiqlovchi asosiy unsur bu to’lov. To’lov tizimlari esa son-sanoqsiz lekin bu naqd pul bilan to’lovlarni inkor qilgani yo’q.

Qayta sotuvlar yuz berganda va ular 20 foizdan qimmatroq miqdorda bo’lgan holda muallif uchun dastlabki sotuv narxi miqdorini tasdiqlash muhim.

Shuningdek, NFT bozorida ijod namunalari ma’lum bir to’plam va reeysterga ega. Tasviriy san’at namunalari, ularning mualliflar, ijod namunalarini qayd etish va yuridik faktga aylantirishni ham raqamli texnologiyalarsiz qilishning iloji yo’q.

Bu vazifani maxsus platformalar, saytlar asosida amalga oshirish mumkin. Bunday amaliyot tenderlar, auksionlarga nisbatan joriy etilgan. Umumiy qilib aytganda ergashma huquqni muhofaza qilish uchun muallifga o’z ijod namunasiga nisbatan mualliflikni raqamli holda tasdiqlash va undan keyingi sotuv jarayonlarini raqamlashtirish imkoniyatini berish kerak.

Xulosa o’rnida aytadigan bo’lsak, ergashma huquq mualliflik huquqi sohasidan tashqari oldi-sotdi, meros kabi sohalarni ham qamrab oladi. Ushbu sohalarni muvofiqlashtirishda va ulardagi huquqlarni qo’llashda raqamli texnologiyalarning ahamiyati yuqori. Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni muhofaza qilishda texnik vositalar aynan raqamli texnologiyalar asosida yaratiladi.

Soha endi rivojlanish pallasiga kirgan bo’lsa ham birinchi o’rinda muallifning huquqlarini raqamli makonda qayd etish kerak. Bu siz undan keyingi jarayonlarni to’g’ri tashkil etish mumkin emas. Qayd etilmagan holida muhofazani raqamli texnologiyalar asosida olib borib bo’lmaydi.

Eng kamida mualliflarga ular yaratadigan har qanday ijod namunasi muhofaza ostida ekani va bu ular vafot etgandan so’ng ham amal qilinishini tushuntirish zarur.

Ushbu jarayonlarda to’lov tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar, sohadagi vakolatli organlar bevosita qatnashadi va ular faoliyati bevosita muvofiqlashtirilishi kerak.

Shuningdek, virtual olamdagi foydalanuvchilarning ijod namunalari mualliflik huquqi bilan himoyalangani va bu javobgarlik keltirishi mumkinligi to’g’risida ogohlantirishlar yaratish lozim. Masalan, YouTube bu uchun maxsus elektron litzensiyalarni video tavsifiga joylash imkoniyatini yaratish bilan ta’minlab kelmoqda.

Turakulova Nazira Abdishukurovna

Toshkent davlat yuridik universiteti

Intellektual mulk huquqi kafedrasi o‘qituvchisi