Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” YPX maskanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona viloyati tomon harakatlanayotgan “Jentra” rusumli avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.
Natijada, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Fargʻona tumanida yashovchi, 1986-y.t., muqaddam sudlangan fuqaroning qoʻl sumkasida 981 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Boshqa holatda esa Qoʻqon shahrida yashovchi, 1971-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro Toshkent shahrining Bektemir tumanida ushlanib, undan 1 kg. 76 gr. “gashish” moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan Toshkent viloyati hududiga oʻtkazilib, xufiya joyga yashirib ketilgan ushbu ajal ogʻusini Toshkent shahriga olib ketayotgan boʻlgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona tumanida yashovchi, 1997-y.t. fuqaro 495 gr. “gashish” moddasini 5 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan mazkur narkotikning haqiqiy egasi – Fargʻona tumanida yashovchi, 1997-y.t. boshqa shaxs ekanligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Chust tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Namangan shahrida yashovchi, 1984-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Jiguli” rusumli avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.
Natijada, avtomashina salonida boʻlgan Fargʻona viloyatining Rishton tumanida yashovchi, 1999-y.t., muqaddam sudlangan ayolning qoʻl sumkasida 305 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, avtomashinada Namangan shahrida yashovchi, 1984-y.t., muqaddam sudlangan fuqaro ham borligi maʼlum boʻldi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu 3 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan keltirilgan narkotik moddani Qoʻqon shahridan Namangan shahriga olib ketayotganliklari aniqlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.