Har bir inson yaxshi niyat bilan bozorga yoki savdo majmuasiga yoʻl olar ekan, sifatli, oʻzining didiga mos mahsulot xarid qilishni istaydi. Lekin shunday buyumlar ham boʻladiki, haqiqiysidan ajratish biroz mushkulroq. Yaʼni, ularni sotib olayotganda har qanday inson adashishi yoki chalgʻishi mumkin. Bir necha muddat oʻtgandan keyin esa tanlagan mahsuloti asliga oʻxshamasligini sezib qoladi.

Afsuski, bozorlarda farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlarni koʻplab uchratish mumkin. Bunday mahsulotlar intellektual mulk huquqi buzilgan holda tayyorlanib muomalaga chiqarilmoqda. Shuni taʼkidlash kerakki, kontrafakt mahsulotlardan, eng avvalo, mamlakat iqtisodiyoti hamda isteʼmolchilar zarar koʻradi. Bunday mahsulotni xarid qilgan isteʼmolchi nafaqat oʻz sogʻligiga, balki, oila va davlat byudjetiga ham zarar yetkazadi.

Bunday muammolarning oldini olish maqsadida Davlatimiz rahbarining 2021-yil 28-yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, respublikamiz boʻylab har yili kontrafakt mahsulotlarning realizatsiyasiga qarshi samarali kurashishni koʻzda tutuvchi maxsus oylik oʻtkazish belgilangan. Ayni kunlarda yurtimiz boʻylab shunday tadbirlar davom etmoqda.

Ushbu oylik davomida Intellektual mulk agentligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bozorlarda, savdo majmualari va koʻchma savdo maskanlarida kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasining oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari oʻtkazmoqda. “Agentlik – halol tadbirkorga madadkor” shiori ostida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida ularning faoliyatiga oʻz tovar belgilarini joriy etish boʻyicha amaliy va maslahat yordami koʻrsatish nazarda tutilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar tashkil etilayotir.

Qolaversa, agentlik kontrafakt mahsulotlarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyish maqsadida doimiy ravishda tadbirlarni amalga oshirib boradi. Xususan, 2020-yil davomida Agentlik tomonidan olib borilgan 70 dan ortiq kuzatishlar jarayonida aniqlangan 50 dan ortiq kontrafakt mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va savdosi boʻyicha qonuniy choralar koʻrilgan boʻlsa-da, hozirda ham ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi va savdosi davom etayotgani bu sohadagi ishlarga eʼtibor masʼuliyatni yana-da kuchaytirishni tavozo etmoqda.

Achinarlisi, bu holat nosogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirishi barobarida inson manfaati va salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazadi. Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligining respublika miqyosida bosqichma-bosqichma kontrafaktsiz hududlarni yaratish va bunga samarali kurashish yoʻlini tanlagani bu borada muhim qadam boʻldi. Agentlik bu loyiha orqali tadbirkorlarning halol raqobatga kirishishini taʼminlash, oʻz tovar brendiga ega ishlab chiqaruvchilar biznesini himoyalash, savdo rastalarida kontrafakt mahsulot aylanmasini cheklash hamda aholi orasida sifatli, ishonchli mahsulotlarni xarid qilishni targʻib qiladi. Eng muhimi, savdo doʻkonlarida xizmat koʻrsatish jarayonida isteʼmolchi asl mahsulot ishlab chiqaruvchi haqida maʼlumotga ega boʻlishi va soxta mahsulotlar realizatsiyasini oldini olishga erishiladi.

Endi misollarga murojaat qilaylik. Kuni kecha Toshkent shahri “Chorsu” bozori hududida joylashgan savdo rastalarida intellektual mulk huquqlariga rioya etilish holatlari boʻyicha kuzatishlar olib borildi. Kuzatishlar jarayonida tegishli qonun talablarini buzgan holda omma orasida mashhur boʻlgan (brend) tovar belgilariga adashtirib yuboradigan darajada aynan oʻxshash boʻlgan 27 turdagi kontrafakt mahsulotlarning sotilayotgani aniqlandi. Agentlikka bu boradagi ishlarni tashkil etishda tadbirkorlar ham koʻmak bermoqda. Zero, ushbu tashabbus agentlik uchun emas, balki, tadbirkorlar va aholi manfaati uchun xizmat qiladi.

Yana bir eʼtiborli jihat, kontrafakt mahsulotlar savdosining oldini olishda bu yondashuvlar orqali toʻliq natijaga erishib boʻlmasligi maʼlum. Bunda, avvalo, jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish zarur. Bu jarayonda har bir yurtdoshimiz ishtirok etishi maqsadga muvofiq. Xususan, kimdir kontrafakt mahsulotlar savdosiga duch kelganda Intellektual mulk agentligiga murojaat qilsa bu boradagi ezgu ishlarga oʻz ulushini qoʻshgan boʻladi.

Shu oʻrinda tadbirkorlarga ham murojaat qilib aytmoqchimizki, agar ishlab chiqaruvchilar ham kontrafakt mahsulotlar savdosiga guvoh boʻlsa, Intellektual mulk agentligining (71) 232-50-40 ishonch telefoni yoki telegrammdagi ima_monitoring_bot orqali murojaat qilishi mumkin.

Dilfuza ISMOILOVA,

Adliya vazirligi huzuridagi

Intellektual mulk agentligi yetakchi mutaxassisi