Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professor-oʻqituvchilari, tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari, oliy taʼlim muassasalari vakillari, IIV Malaka oshirish instituti, FVV Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimlari, FVV Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti, FVV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad – respublikamizda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, yongʻin xavfsizligini taʼminlashdagi mavjud muammolar va yongʻinga qarshi muhofazani takomillashtirish, favqulodda vaziyatlarda jinoyat bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlarining oʻzaro hamkorligini yanada oshirish, sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash amaliyotini yanada kuchaytirish, ilgʻor xorijiy tajriba hamda texnologiyalar asosida sohani jadal innovatsion rivojlantirish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etishdan iboratdir.
Anjumanni Akademiya boshligʻi, general-polkovnik Qobul Berdiyev ochib, favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida innovatsion va texnologik gʻoyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar koʻrilayotganini taʼkidladi. Mamlakatimizda hayotiy faoliyat xavfsizligini taʼminlash masalasi kompleks xarakterga ega boʻlib, uni yuqori darajada mustahkamlash, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu bilan birga, soha rivojini taʼminlash uchun innovatsion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar yaratish dolzarb vazifadir
Anjumanda soʻzga chiqqanlar favqulodda vaziyatlarda jinoyatlarni oldini olish, surishtiruv va tergov jarayonlariga elektron maʼlumotlarni kiritish hamda favqulodda vaziyatlarda huquqbuzarliklarning oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oʻzaro hamkorligini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng fikr-mulohazalarni bildirdi.
Prezidentimizning 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish masalasi asosiy yoʻnalishlaridan biri ekanligini alohida taʼkidlash joiz. Shuningdek, anjumanda bildirilgan tavsiyalarni amaliyotda keng qoʻllash orqali, favqulodda vaziyatlardan soʻng yuzaga keluvchi huquqbuzarliklarni oldini olish hamda bartaraf etishda oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.
Xulosa oʻrinida taʼkidlash joizki, olimlarning tabiiy ofatlardan soʻng yuzaga kelgan jinoyatlarga eʼtibor qaratishi ularga qarshi favqulodda vaziyatlarda kurashish qoidalarini mukammal ravishda ishlab chiqilishini taqozo qiladi. Buni esa favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashuvchi mutaxassislar bilan birgalikda mazkur fanlarning chegarasida hal qilish kelajakda oʻzining samarasini beradi.
Mayor Farhodjon XOʻJAYEV,
FVV Akademiyasi
katta oʻqituvchisi