“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi joriy etiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

    Unga koʻra:

    2025-yil 1-yanvardan aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi joriy etiladi.

    Virtual akademiyada oʻquv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

    Agentlik:

    – oʻqitilishi lozim boʻlgan davlat xizmatchilari kontingentini shakllantiradi va Akademiya bilan kelishgan holda yillik oʻqitish reja-grafigini tasdiqlaydi;

    – oʻquv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib boradi;

    – yangi oʻquv modullarini joriy etish boʻyicha Akademiyaga takliflar kiritadi;

    – oʻquv jarayoniga jalb qilingan davlat organlari va tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi;

    – Akademiya bilan birgalikda har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga Virtual akademiya faoliyati yuzasidan axborot kiritadi.

    Virtual akademiyada oʻqitish quyidagi kontingent uchun olib boriladi:

    • aholi, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;
    • taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, oʻquvchilari va talabalari;
    • davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari;
    • davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari.

    Virtual akademiyada oʻqitish bazaviy (barcha foydalanuvchilar uchun bepul) hamda maxsus oʻquv kurslari (toʻlov-shartnoma asosida) boʻyicha yoʻlga qoʻyiladi.

    Davlat xizmatchilariga maxsus oʻquv kurslarida malaka oshirish majburiy hisoblanadi, bunda:

    • ishga qabul qilinganidan soʻng uch oy ichida oʻquv kursidan oʻtadi;
    • malaka oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.

    Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori boʻlgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat koʻrsatuvchi xizmatchilar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan oʻquv dasturlari asosida olib boriladi.

    Maxsus oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikat beriladi.