Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyularini oʻqidim. Oʻqidimu, koʻnglim togʻ qadar yuksaldi.
Bilasizmi, intervyudan xalqimizga joʻshqin, gʻayratli muhabbat, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan azmi qaror ufurib turibdi. Unda xalqimizning barcha qatlamlariga – bogʻcha bolasidan nuroniylarimizgacha alohida eʼtibor qaratilgan. Haqiqatan ham, toʻrt tomonimizga qarasak, xalq rizoligi uchun qilingan, qilinayotgan amaliy ishlarni koʻramiz.
Olti ustuvor vazifadan biri sifatida maʼnaviyat va maʼrifatga alohida urgʻu berilgan. Bu soha taraqqiyotimizning mustahkam poydevori ekanligini qatʼiy taʼkidlaganlar. Bu bejiz emas.
Tan olaylik. Maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga eʼtibor 30 yilda hozirgidek kuchli boʻlmagan. Bugun maʼnaviyat – iqtisodiyotning joni maqomida eʼzozga sazovor boʻldi. Nega? Chunki iqtisodni kimning aqli, qoʻllari yaratadi? Insonning. Buning uchun uning Inson kapitali boy boʻlishi kerak. Inson kapitali nima? Uning bilimlari, koʻnikmalari, kompetensiyalari va eng muhimi – Vatanga sadoqati. Uning ongi va qalbi maʼno toʻlsa, inson Vatan iqtisodiyotini rivojlantirishga qodir ruhiy quvvatga ega boʻladi. Aks holda u befarq, gʻayrati yoʻq, zavqi yoʻq begʻam, boqimanda boʻlib yashayveradi.
Shuning uchun intervyuda davlatimiz rahbari maʼnaviyatni kuch-qudrat, rivojlanish poydevori, maʼnaviyat va maʼrifatning oʻrni va taʼsiri tobora ortib borayapti, deydilar. Darvoqe, shu yil mart oyida ikkita Prezident qarori, bitta Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Intervyuni oʻqigan kishi unda oʻziga koʻtarinki ruh, gʻurur va ishonch oladi. Chunki unda:
Vatanga mehr va sadoqatni bayroq qilishga:
Yagona xalq – Yagona millat boʻlib birlashishga:
Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qatoriga qoʻshilishga daʼvat bor.
Har birimizga Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari safida boʻlish nasib etsin.
Muhammadjon QURONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
rahbarining birinchi oʻrinbosari, professor