Hazrat Alisher Navoiy bobomizning:
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay -
degan lutflarida ham kishilarga yaxshiliklar ulashish, ularning koʻnglini shod qilishdek ulugʻ amallar ifoda etilgan.
Inson har doim oʻziga hamda yaqinlariga ezguliklarni sogʻinib yashaydi. Yaxshi kunlari koʻp boʻlishini, toʻylar qilib, farzandlari baxtu kamolini koʻrishni istaydi. Biroq turli sabablar tufayli moddiy taqchillik holatlariga ham tushib qolishi mumkin.
Namangan tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi Bobir Joʻrayevning taʼkidlashicha, viloyatda mazkur fond tomonidan bir qator bemorlar, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, koʻp farzandli, yashash sharoiti ogʻir oilalar, oilasida nogironlari mavjud xonadonlarga oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovgʻalari tarqatilishi muntazam taʼminlanib kelinmoqda.
Fond xodimlari tomonidan “Mahallabay”, “Xonadonbay” va “Fuqarobay” ishlash tizimi asosida moddiy qiyinchilikka uchraganlar aniqlanib, ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan oziq-ovqatlar hamda esdalik sovgʻalari topshirilishi odatga aylangan.
Namangan tumanining Qorakoʻl mahallasida yashovchi Robaxon Hojiakbarova kam daromadli oiladan boʻlganligi sababli mahallada “Temir daftar” roʻyxatiga kiritilgan, 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bor. 2020-yilda turmush oʻrtogʻining akasi Olimjon Hojiakbarov, soʻng qisqa muddat ichida uning turmush oʻrtogʻi Dilbarxon Hojiakbarova kasallik tufayli vafot etishdi, ularning 2 nafar farzandini R. Hojiakbarova vasiylik orqali qaramogʻiga oldi. Oʻz qaramogʻidagi 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan hozirda yana ikki nafar bola tarbiyasini zimmalariga olishdi.
R. Hojiakbarova yashash sharoitidan nolimaydi, turli idoralarga yordam soʻrab murojaat etmaydi. Aksincha, erta tongdan tun yarmiga qadar mehnat qilib, farzandlarini halol luqma bilan boqishga intiladi.
Namangan tuman hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda “Qorakoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan R. Hojiakbarovaning turmush ahvoli oʻrganilganda uyining tomidan chakka oʻtishi, devorlari nuraganligi maʼlum boʻldi. Yogʻin-sochin va sovuq kunlar boshlanishidan avval R. Hojiakbarovaning xonadonini taʼmirlash maqsadida xayriya jamoat fondi 5 tonna arzik, 30 dona shifer va 20 dona faner bilan taʼminlab berdi. Shuningdek, mahalladoshlarning hashari uyushtirilib, chakka oʻtayotgan tom qoplamasi almashtirildi, xonalar shiftiga faner qadalib, devorlari arzik bilan suvoq qilindi.
— 2020 va 2021-yil oilamiz uchun sinovli boʻldi. Qayinim va uning turmush oʻrtogʻi ketma-ket xastalik tufayli vafot etishdi. Turmush oʻrtogʻim bilan maslahatlashib, ularning oʻgʻli va qizini vasiylikka oldik. Nolimayman, roʻzgʻor qilish va bolalarning maktabda oʻqishlari uchun tinmay harakatdamiz, — deydi Robaxon Hojiakbarova. — Mahallamiz raisi Zumradxon Isaqovaga rahmat, imkoniyat darajasida masʼullarni bizga moddiy yordam koʻrsatishga undamoqda. Oʻzbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida tuman hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi xodimlari xonadonimizga tashrif buyurib, taʼmirtalab holatdagi uy-joylarimiz uchun kerak boʻlgan qurilish ashyolari olib berishdi. Mahalladagi qoʻshnilarni hasharga jalb qilib, taʼmirlash ishlarini koʻngildagidek bajarib ketishdi. Bundan juda ham xursandmiz, barcha tashkilotchi-mutasaddilarga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz.
Namangan viloyatida shunday xayriya ishlari davom ettirilmoqda.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri