Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan avtomobil bozoridagi savdo o'zgarishlari muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.
2022-yil mart oyida 112,1 ming dona avtotransport vositalari davlat ro'yxatidan o'tkazildi va bu o'tgan yilning mart oyiga (55,5 ming) nisbatan 102 foizga ko'proqdir. Shu bilan birga, joriy yilning fevralь oyiga nisbatan 12,7 foizga pasayish kuzatildi.
Ro'yxatga va qayta ro'yxatga olingan avtomobillar soni o'zgarishi

O'tgan yanvar-fevral oylaridagi kabi avtomashinalarni ro'yxatga olishning ko'payishi avtomobillarni xarid qilish uchun to'lovlarning bekor qilinishi bilan bog'liq. Xususan, O'zbekistonga avtotransport vositalarini sotib olish va/yoki vaqtincha olib kirish uchun yig'imlar bekor qilindi.
2022-yil 1-yanvardan boshlab ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobillarni davlat ro'yxatidan o'tkazish narxi pasaytirildi va ushbu o'zgarishlarning ta'siri mart oyida ham davom etdi.
Ikkilamchi bozor
2021-yilda ikkilamchi bozorda bir oyda o'rtacha 40 ming dona avtomobillar sotilgan bo'lsa, joriy yil mart oyida ushbu ko'rsatkich 84,7 mingni tashkil etdi, yanvarь oyida 85,3 mingga, fevralь oyida 101 mingga yetgan edi.
Birlamchi bozor
Birlamchi bozordan xarid qilingan avtomobillar soni 27,5 ming donani tashkil etib, fevralь oyiga (27,4 ming) nisbatan 0,3 foizga o'sdi. 2021 yilning martiga (18,2 ming) nisbatan esa 51 foizga oshdi.
Fevral oyi bilan taqqoslaganda yangi avtomobillar savdosida sezilarli darajada o'sish Farg'ona (43 foiz), Namangan (23 foiz), Jizzax (20 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Shu bilan birga, Qashqadaryo (-31 foiz), Samarqand (-13 foiz), Toshkent (-16 foiz), Navoiy (-7 foiz) va Andijon (-5 foiz) viloyatlarida pasayish qayd etildi.

Inomarkalar savdosi
Chet elda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar oldi-sotdisi bo'yicha shartnomalar soni 1,3 ming donani tashkil etdi, bu esa fevralь oyi ko'rsatkichidan 2,5 foizga kamroqdir.
Mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ulushi

Xalilulloh Hamidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri