Namangan tumani Mirishkor qishlogʻidagi dala shiyponida tashkil etilgan ushbu qabul davomida viloyatning barcha hududlaridan kelgan jismoniy va yuridik shaxslarning egologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bogʻliq murojaatlari tinglandi. Eʼtiborlisi unda 25 ta murojaatning 14 tasi joyida hal etildi. 7 tasi boʻyicha zarur tushuntirishlar berildi. Yechimi vaqt va mablagʻ talab qiladigan 4 ta murojaat mazmunini alohida oʻrganish yuzasidan ishchi guruhlari tuzildi.

Aholi soʻroviga asosan viloyatning ikkita hududida faoliyat koʻrsatayotgan koʻmir omborlaridan chiqayotgan chang meʼyorlarini aniqlash uchun poytaxtdan chaqirilgan ekomobil laboratoriya ertaning oʻzida Namanganga yetib kelishi, shuningdek, qoʻmita raisi tomonidan yana 15 kundan keyin xuddi shu yerda bugun koʻrib chiqilgan masalalarning ijrosi qayta muhokama qilinishi haqidagi maʼlumotlar murojaat mualliflarini xursand qildi.

Qabul davomida koʻplab taklif va mulohazalar ham ilgari surildi. Biogomusda qizil chuvalchang yetishtirish, pavloniya parvarishlash uchun yer ajratishga koʻmaklash yuzasidan berilgan soʻrov ijobiy yechim topgani tadbirkorlarga maʼqul boʻldi. Albatta, daraxtlar kesilishiga chek qoʻyish, shu bilan birga, quriyotgan daraxtlarni sanitar butalash masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Huquqbuzarlarga nisbatan koʻrilayotgan qatʼiy choralarni yana-da kuchaytirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.

Quvonarli jihati, murojaatchilarning umumiy fikrlariga koʻra, Prezidentimizning tashabbusi bilan vazirlik va idoralar rahbarlarining chekka qishloqlarga kelib, aholi bilan ochiq muloqotga kirishishi oʻzining samarasini bera boshladi. Buni Davlat ekologiya qoʻmitasi raisining Namangandagi sayyor qabuli natijalari ham tasdiqlab turibdi.