Dehli Ayollar assotsiatsiyasi (Dehli Commonwealth Women Association/DCWA) tomonidan tashkil etilgan “Diplomatic bazaar – 2023” xalqaro xayriya-yarmarkasida xorijiy davlatlar elchixonalari, sayyohlik agentliklari, ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.
Hindiston poytaxtida anʼanaviy ravishda har yili uyushtiriladigan mazkur yirik festival koronavirus pandemiyasi tufayli uch yillik tanaffusdan so‘ngbu yil birinchi marta tashkil etilgani bosababli shahar aholisi va mehmonlari o‘rtasida alohida qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston stendi mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi, Madaniyat va turizm vazirligi va “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida hunarmandchilik mahsulotlari bilan milliy madaniyatimiz va anʼanalarimiz ruhida bezatildi. Bu yerda namoyish etilgan rang-barang hunarmandchilik buyumlari, xususan, anʼanaviy adras matosidan tayyorlangan kiyim-kechaklar, shuningdek, kulolchilik buyumlari, bosh kiyimlar va boshqa ko‘plab mahsulotlar anjuman mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mahalliy aholi va xorijliklar orasida mashhur bo‘lgan o‘zbek milliy taomlaridan palov, somsa, chak-chak va boshqa anʼanaviy shirinliklardan tatib ko‘rish istagida bo‘lganlar O‘zbekiston stendi yaqinida jamlandi.
Yarmarkaga tashrif buyurganlar O‘zbekiston haqida o‘zlarini qiziqtirgan maʼlumotlar bilan tanishish, respublikaning turizm va investitsiya salohiyati haqidagi axborot materiallarini olish imkoniga ega bo‘ldi.
Festivalga kun davomida 12 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurib, 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning milliy taomlari va madaniy anʼanalari bilan yaqindan tanishdi.