Ayni kunda tor va keng doiradagi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan axborot va materiallarning barchasi ham qonun talablariga javob bermaydi.

Jurnalist kasb etikasidan, odob-axloq qoidalaridan yiroq bo‘lgan, OAV va boshqa sohalarga oid qonunlarga rioya qilmasdan so‘z erkinligidan noto‘g‘ri va g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari uchramoqda.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda inson sha’ni, qadr-qimmati yerga urilib, tuhmat, haqoratomuz chiqishlar uchrayotgani, avj olish ehtimoli mavjudligi tashvishlanarli.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Axborot xizmatining yozishicha, “Online muxbir” singari ba’zi bir telegram kanallarda xalqimizning taniqli insonlari, davlat va jamoat vakillari, ustoz jurnalistlar, obro‘li va faol OAV vakillari haqida kurakda turmaydigan turfa bo‘hton xabarlar ham paydo bo‘lmoqda. Bu bo‘yicha qator misollar mavjud.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi shu kabi salbiy holatlarning oldini olish va ana shunday tarmoq egalarini aniqlash, xususan, “Online muxbir” telegram kanali asoschisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi, kanal tomonidan tarqatilayotgan qonunga zid axborotlarga tegishli tartibda javob berilishini so‘rab huquq-tartibot idoralariga arizalar kiritgan.