Oʻzbekistonda Omicron shtammi aniqlandi, ehtiyot choralari kuchaytiriladi

    Salomatlik 9 Yanvar 2022 1864

    Maʼlum boʻlishicha, mamlakatimizga kelgan xorijiy davlat fuqarosidan COVID-19ning yangi Omicron shtammi joriy yilning 7-yanvar kuni aniqlangan.

    Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida koronavirus pandemiyasiga qarshi choralar koʻrishni qatʼiy davom ettirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

    Xususan, jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilmoqda.

    Bunda, barcha tashkilot, korxona va muassasalarda, yirik savdo majmualari, supermarketlar, koʻngilochar muassasalarning kirish qismida niqobda boʻlish, ijtimoiy masofani saqlash, tana haroratini oʻlchash amaliyotiga qatʼiy rioya etilishi taʼminlanadi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning fuqarolarimizni Umra ziyoratlaridan qaytishlarida koronovirusga PZR yoki ekspress testni Saudiya Arabistoni hududida oʻzbek tibbiyot xodimlari tomonidan olinishi va manfiy natijasiga muvofiq kirib kelishini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berildi.

    Aholini toʻliq emlash va buster doza bilan emlash ishlari jadallashtiriladi.

    Vazirlik va idora rahbarlari, tashkiliy shaklidan qatʼiy nazar, barcha tashkilotlarda ishchilarning emlangandan soʻng ish joylariga kiritishga ruxsat beriladi. Mazkur tartibni buzgan tashkilot rahbarlariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qatʼiy chora koʻriladi.

    Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida taʼtil davomida koronavirus infeksiyasiga qarshi toʻliq emlash choralari koʻriladi. Ushbu tadbirlarga OTM rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilanadi.

    Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2022-yil 15-yanvardan boshlab quyidagi tartib joriy qilinmoqda:

    ➖ xorijiy davlatlardan Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar kelishidan kamida 48 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi boʻyicha manfiy koʻrsatkichli maʼlumotga ega boʻlishi;

    ➖ koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi boʻyicha manfiy koʻrsatkichga ega maʼlumotnoma boʻlmaganda, aeroport, temir yoʻl vokzallari va chegara oʻtkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishi shart.

    ➖ Vazirlik, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda xoʻjalik birlashmalarida mamlakatda amal qilayotgan karantin cheklovlari sharoitida aholi salomatligini taʼminlash, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash maqsadlarini koʻzda tutib, turli tadbirlar tashkil etish taqiqlandi.