Mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan "O'zbekistonga borish uchun 10 sabab" nomli risola turk tilida nashr etildi.

Elchixonaning turizm va madaniy-ma’naviy sohadagi targ'ibot-tashviqot ishlari doirasida chop qilingan ushbu risolada bugungi kunda turizm sohasi Yangi O'zbekiston islohotlarining eng muhim bo'g'iniga aylangani alohida qayd etilgan.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, O'zbekistonga sayohat uchun 10 ta sabab alohida bo'limlar vositasida o'quvchilarning e’tiboriga havola qilingani holda har bir sarlavha ostida kamida 10 tadan misol keltirilgan.

"Qadim shaharlar" nomli birinchi sarlavha ostida mamlakatimizning shonli tarixi haqida qisqacha ma’lumot berilgani barobarida Yangi O'zbekistonda barpo etilayotgan "Uchinchi Renessans"ning mohiyati ham ochib berilgan. Unda, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qo'qon, Namangan va Nukus kabi shaharlarning sayyohlik salohiyati, bu yerlardagi osori-atiqalar haqida atroflicha hikoya qilinadi.

Jurnalning ikkinchi bo'limi "Ziyorat turizmi"ga bag'ishlangan bo'lib, unda mamlakatimizning mazkur yo'nalishdagi ulkan salohiyatiga urg'u berilgan.

Risolaning boshqa bo'limlari "Buyuk shaxslar", "Benazir muzeylar","Tabiat g'aroyibotlari", "Muhtasham festivallar", "Mushtarak urf-odatlar","Mo'l-ko'l bozorlar", Hunarmandchilik asarlari" va "Mislsiz lazzatlar" deb nomlangan.

Mazkur risola Turkiyada O'zbekistonning turizm salohiyatini yanada keng targ'ib qilishga hamda ushbu mamlakatdan yurtimizga sayyohlar oqimini yanada oshirishga ko'maklashishi shubhasiz.