O'zbekistonning Italiyadagi elchisi hamda FAO huzuridagi doimiy vakili O.Akbarov va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori o'rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin videoaloqa tarzida muloqot qildi.

Uchrashuv chog'ida joriy yil 15-16-iyul kunlari Toshkentda o'tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferentsiyada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tashabbuslarini ro'yobga chiqarish hamda FAO bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Unda shuningdek, FAO shafeligida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari qishloq xo'jaligi vazirlarining uchrashuvini o'tkazish hamda mavjud xatarlarni yengish va imkoniyatlardan to'liq foydalanish bo'yicha dastur ishlab chiqish ikki mintaqa oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim omil bo'lishi mumkinligi ta'kidlandi.

FAO bosh direktorining o'rinbosari ikki mintaqadagi oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq xatarlarni yengishga qaratilgan tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashi va bu borada O'zbekistonning sa'y-harakatlarini yuqori baholashini bildirdi.

Tomonlar FAO va O'zbekiston o'rtasida hamkorlik aloqalari, qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda yangi loyihalar ishlab chiqish xususida fikr almashildi.