Maʼlumotlarga koʻra, ushbu shaxs — Namangan shahrida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan fuqaro — xususiy korxona rahbariga oʻzini goʻyoki DXX xodimi sifatida tanishtirgan.
U Namangan viloyatida roʻyxatdan oʻtgan korxona nomiga olib kelinayotgan tovarlarni “Bojxona qoʻmitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasidagi tanishlari” orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan hech qanday toʻsiqlarsiz oʻtkazib berishni vaʼda qilgan.
Tezkor tadbir jarayonida ushbu shaxs korxona rahbaridan har bir yuk partiyasi uchun 500 AQSH dollaridan, jami 1000 AQSH dollari miqdorida pul olgan vaqtida qoʻlga olindi. Shuningdek, tergov davomida aniqlanishicha, u avval ham shu yoʻl bilan korxonadan 1000 AQSH dollari miqdorida pul olganligi maʼlum boʻlgan.
Ayni vaqtda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.
Oʻzini davlat organlari xodimi sifatida tanishtirish, aldash yoʻli bilan pul talab qilish — Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligida ogʻir jinoyatlar sirasiga kiradi. Har qanday shubhali vaziyatlar yuzasidan zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish tavsiya etiladi.