3,9 million nafarga yaqin fuqarolarga har oyda pensiya va nafaqa toʻlovlari uchun oylik talabnomalarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishi hamda oyma-oy toʻliq toʻlanishi taʼminlanib, bu maqsadlarga Pensiya jamgʻarmasi hisobidan 8 450 milliard soʻm va Respublika byudjeti hisobidan 961 milliard soʻm mablagʻ xarajat qilindi.

2021-yil 1-aprel holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3,9 million nafarga yaqinlashib aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil qildi (shundan, 3,5 mln nafarga yaqini pensiya va 400 ming nafardan ortigʻi nafaqa oluvchilar). 1-chorakda 86 535 nafar fuqarolarga pensiya va nafaqalar tayinlandi (shundan, 68 594 nafariga pensiya va 17 941 nafariga nafaqa tayinlandi). Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi
farmoniga asosan, 2021-yil 1-fevral holatiga 4 892 nafardan ortiq fuqarolarning pensiya ishlarini tekshirish natijasida aniqlangan 12,0 milliard soʻmlik ortiqcha toʻlovlar hisobdan chiqarildi.

Bu haqda “Pensiya taʼminoti yangilanish davrida” mavzusida AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlumot berildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi rahbar va mutaxassislari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilishicha, pensiya taʼminoti tizimida yaratilayotgan aholi uchun katta qulaylik boʻlmoqda. Jumladan, fuqarolar tomonidan pensiya va nafaqa tayinlash uchun taqdim etiladigan qogʻoz shaklidagi hujjatlardan voz kechish, ushbu jarayonda inson omilini kamaytirish, arizalar ijrosi ustidan avtomatik kameral nazorat oʻrnatish maqsadida “Pensiya” dasturiy majmuasida elektron «Qayd etish kitobi (Kniga registratsiya)” moduli yaratildi.

Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, faxriy unvonga ega boʻlgan 3 342 nafar pensiya oluvchilar uchun qoʻshimcha toʻlov miqdori 2021-yil 1-fevraldan 1,1 barobarga oshirildi.

2021-yil 1-fevralidan boshlab bola tugʻilganligini qayd qilishda guvohnomani rasmiylashtirganlik uchun gerb yigʻimi va bolani doimiy roʻyxatga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatganlik uchun davlat bojini nafaqa miqdoridan avtomatik ravishda chegirib qolish hamda Adliya va Ichki ishlar vazirligiga moliyalashtirish tizimi joriy etildi. Bu orqali fuqarolarning gerb yigʻimi va davlat boji toʻlovini amalga oshirish uchun bank filiallariga murojaat qilish bilan bogʻliq ovoragarchiliklari bartaraf etildi. 2,7 mln. nafardan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilarning mobil telefonlari “SMS-pensiya” interaktiv xizmatiga ulangan holda SMS xabarnomalar yuborildi.

Tadbirda tizimda amalga oshirilayotgan ana shunday chora-tadbirlar, qonunchilikka yangilik va oʻzgartish kiritish bilan bogʻliq izlanishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar atroflicha javob qaytardi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri