Nashrning yozishicha, Telegram “Rossiya konstitutsion tuzumiga tahdid shakllantiruvchi axborotni tarqatishning asosiy manbasi” hamda “terrorchilarning raqamli shtabi” deb atalmoqda.
"Bunga misol sifatida dunyo bo'ylab norozilik aktsiyalari paytida faoliyat yuritgan muvofiqlashtiruvchi kanallar va chatlar, shuningdek, “radikallar, giyohvandlar, qotillar va terrorchilar armiyasi”ni to'plagan chatlar keltirilgan", deyiladi xabarda.
Pavel Durov Rossiyada o'ziga qarshi ochilgan ish haqida bayonot berdi va Moskvani o'z fuqarolaridan qo'rqishda aybladi.
Telegram asoschisining ma'lum qilishicha, Rossiyada unga nisbatan “terrorizmga ko'maklashish” moddasi bo'yicha ish qo'zg'atilgan. Durov o'z kanalida Rossiya hukumati rossiyaliklarning messenjerga kirishini cheklash uchun “har kuni yangi bahonalar o'ylab topayotganini” yozdi. U buni “o'z fuqarolaridan qo'rqadigan davlatning achinarli holati” deb atadi.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining Federal xavfsizlik xizmati (FSB) materiallariga tayanib xabar berishicha, Durovga Roskomnadzorning taqiqlangan kontentni o'chirish bo'yicha 150 mingdan ortiq talablariga javob bermaslik orqali terrorizmga ko'maklashish aybi qo'yilmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, ish Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi bo'yicha ochilgan bo'lib, u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi.
Rossiya hukumati 2025 yilda Telegram messenjerida qo'ng'iroqlar funktsiyasini cheklagan, 2026 yil fevralida esa uning ishini sekinlashtirgan, shundan so'ng messenjer to'liq bloklanishi mumkinligi haqida gap-so'zlar paydo bo'lgan.