Joriy yilning 28-sentyabr kuni “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Societe Generale” banki (Fransiya) vakillarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Ushrashuvda bank rahbariyati Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJda amalga oshirilayotgan transformatsion oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Tomonlar joriy bozor konyunkturasini, qarz kapitali bozorlarini, geosiyosiy vaziyatning foiz stavkalariga taʼsirini muhokama qilib, “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻtgan yilning noyabr oyida 700 mln dollar miqdoridagi debyut yevroobondlarning 7 yil muddatga oʻz vaqtida va muvaffaqiyatli joylashtirilishini alohida eʼtirof etdilar.

Shu bilan birga, “Societe Generale” vakillari banki joriy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini va kredit reytingini yangilash, ESG-reytingini olish uchun maslahat xizmatlarini koʻrsatish imkoniyati boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etdi.

Hozirgi yuqori oʻzgaruvchanlikni hisobga olgan holda, mutaxassislar jahon bozoridagi tendensiyalarni batafsil oʻrganish va moliyalashtirishni jalb qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda, har tomonlama oʻlchovli yondashuvni qoʻllashlari muhimligini taʼkidladilar.

Bundan tashqari, “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari ESG kun tartibi doirasida barqaror rivojlanish va korporativ islohot maqsadlariga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadbirlar, shuningdek, kompaniya faoliyatiga xatarlarning taʼsirini kamaytirish boʻyicha maslahatchilar bilan faol ish olib borilayotganiga toʻxtalib oʻtdi.

Oʻz navbatida, "Societe Generale” banki vakillari korporativ madaniyatni yaxshilash, ESG hisobotlarini joriy etish, moliyaviy hisobotlarning rentabelligini tizimlashtirish, shuningdek, qarz portfelini optimallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirishni tavsiya qildi.

Maʼlumot uchun: "Societe Generale” banki — fransuz moliyaviy konglomerati, Fransiyaning eng yirik banklaridan biri hisoblanadi va aktivlari boʻyicha dunyodagi eng yaxshi 20 talikka kiradi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati