Murojaatida A.N. voyaga yetmagan farzandi Qumqoʻrgʻon tumanida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasasiga qatnashini, bogʻcha binosi yaqinda qurilgan boʻlsa-da, ichimlik suvi bilan taʼminlanmaganligi, binoda sovitish tizimlari yoʻqligi, yoz kunlarida xonalar haddan ziyod issiqligi, bu esa bolalar sogʻligʻi uchun xavfli ekanligi, shuningdek, muassasa hovlisidagi barcha daraxtlar ham sugʻorishsiz qurib qolganini bildirgan.
Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida mazkur holat Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganildi.
Oʻrganish davomida murojaatdagi holat tasdigʻini topib, maktabgacha taʼlim tashkiloti xonalariga 4 dona sovitkich texnikasi oʻrnatildi.
Shuningdek, bogʻchada ichimlik suvi saqlanadigan 4 tonna sigʻimidagi maxsus inshoot toza ichimlik suvi bilan toʻldirilishi taʼminlandi.
Shu bilan birga, muassasa joylashgan hududda obodonlashtirish ishlarini olib borish va daraxtlarni sugʻorish uchun suv mavjud emasligi sababli daraxtlar maxsus texnika orqali olib kelinadigan suv bilan sugʻorilishi maʼlum boʻldi.
Hozirda hududiy byudjetdan 2024-yil xarajatlar smetasiga mazkur davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga mablagʻ ajratilishi va 980 metr uzoqlikdan toza ichimlik suvi quvuri tortilib, bogʻcha toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan, buning ijrosi ustidan viloyat prokuraturasi nazorat olib boradi.