Soʻnggi yillarda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jadidchilik harakati namoyandalari, xususan, mutafakkir Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va ijodini oʻrganish hamda uni yoshlar orasida targʻib qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida alloma hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻplab davra suhbatlari, uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyobonidagi Mahmudxoʻja Behbudiy haykali yonida tashkil etildi. “Mahmudxoʻja Behbudiyga bagʻishlab yozilgan asarlar” mavzusida oʻtkazilgan uchrashuvda Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Munira Qahhorova, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Ashurali Abdirashidov, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, Akademiya professor-oʻqituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Akademiyaning Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi hamda “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti hamkorligida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvda oʻzbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, Abduhamid Choʻlpon bilan olib borgan jadidchilik harakati haqida soʻz yuritildi.
– Mahmudxoʻja Behbudiy islom olamining jonkuyari boʻlish bilan bir qatorda jadidchilik harakatining tarafdorlaridan biri edi, – deydi shoir Sirojiddin Rauf. – Turkistondagi barcha jadid mutafakkilari Behbudiyni ustozi deb bilishadi. Mazkur harakatning yetakchisi boʻlgan Behbudiy yangi usul maktablarini yurtimizda ilk bor joriy etadi. Shu bilan birga oʻzbek tilida nashrlar chiqaradi. Ammo oʻsha davrda oʻlkaning aksariyat aholisi xat-savodi haminqadar boʻlgani uchun Behbudiy va uning hammaslaklarining ezgu gʻoyalari, fikrlari koʻzlangan manzilga yetib bormadi. Behbudiy buning oldini olish, odamlarni tarbiyalash maqsadida yangi yoʻl – Turkistonda teatrga asos soldi. Yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, zamonaviy bilimlarni egallashlari kerakligi daʼvat etilgan “Padarkush” dramasini yozdi.
Soʻzga chiqqanlar yigʻilganlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-maʼnaviy faoliyati, Abduhamid Choʻlponning “Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasi” nomli maqolasi haqida qiziqarli maʼlumotlar berishdi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti Moʻminjon Xoʻjayev alloma vafoti munosabati bilan Abduhamid Choʻlpon tomonidan yozilgan maqolalar haqida toʻxtalib, Mahmudxoʻja Behbudiy Vatan istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovonligi yoʻlida hayotini qurbon qilganini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar oʻrtasida alloma faoliyati toʻgʻrisida savollar berilib, savollarga toʻgʻri javob bergan talabalarga kitob sovgʻa qilindi.
Muxtasar aytganda, Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr oʻzbek adabiyoti, ilm-fani, jurnalistikasi uchun muhim siymo sifatida tarix sahnasida namoyon boʻldi. Buyuk maʼrifatparvar va jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri sifatida milliy madaniyatimiz tarixidan mustahkam oʻrin egallashi shubhasiz.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri