Ammo bu boradagi chora-tadbirlar ijrosi tashkilotga aʼzo davlatlarning 73 foizi tomonidan toʻliq taʼminlanayotgani yoʻq. Shu bois JSST yangi bayonot bilan chiqdi. Bu haqda SSV yozmoqda.
Unda qayd etilishicha, mazkur modda inson organizmiga asosan osh tuzi (natriy xlorid) orqali qabul qilinadi. Uning kunlik meʼyori 5 gramm (bir choy qoshiq)dan oshmasligi kerak.
Ammo hozir jahon boʻyicha mazkur koʻrsatkich bir kishi uchun oʻrtacha 10,8 grammni tashkil qilmoqda. Boshqacha aytganda, JSST tavsiyasidan ikki baravar koʻp osh tuzi isteʼmol qilinmoqda.
Oqibatda insonlar oʻrtasida erta oʻlim xavfi yildan yilga oshib boryapti. Yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni koʻpaymoqda.
Vaholanki, yuqorida keltirilgan meʼyorlarga amal qilish orqali 2030-yilgacha 7 million kishining hayotini saqlab qolish mumkin.
Ayni sababdan JSST rahbari Tedros Gebreyesus barcha davlatlarni natriy isteʼmoli yuzasidan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirmoqda.
Xususan, ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida natriy miqdori belgilangan meʼyordan oshmasligi uchun zarur cheklovlar oʻrnatilishi maqsadga muvofiq.
Isteʼmolchilarga tuz miqdori kam boʻlgan mahsulotlarni taklif etish uchun ularni maxsus yorliqlar bilan qadoqlash bu borada katta samara beradi.
Shuningdek, natriy isteʼmolini kamaytirishga qaratilgan targʻibot ishlarini kuchaytirish talab etiladi.