Bemor Davron Rajabov — Bogʻot tumanidan. U koʻp yillardan beri buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib kelayotgan edi. Soʻnggi paytlarda esa ahvoli yanada ogʻirlashdi. Shifoxonaga murojaat qilganida mutaxassislar unga soʻnggi chora sifatida transplantatsiya amaliyotini tavsiya etdi.

Donorlik uchun turmush oʻrtogʻi — Kamola Saʼdullayevaning tibbiy tahlil natijalari mos keldi. Ayoli bu tanlov oldida ikkilanib oʻtirmadi. Eriga bir buyragini berishga qaror qildi.

Operatsiya olti soatdan koʻproq vaqt davom etdi. Uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va viloyat filiali jarrohlari oʻzaro hamkorlikda bajarishdi.

Muhimi, amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozir bemorning ham, donorning ham ahvoli yaxshi. Har ikkisida tegishli standartlar asosida tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.

Aytish joizki, ushbu buyrak transplantatsiyasi viloyatda oʻtkazilgan shu turdagi sakkizinchi noyob amaliyotdir.