Davlat rahbari ekologiya sohasidagi dolzarb masalalarni tahlil qildi.

2020-yildan buyon hududlarda 22 mingta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, bu davrda qariyb 250 ming yangi uy-joylar qurildi.

Bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillardan atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqmoqda.

Ayniqsa, poytaxtda, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Angren, Bekobod va Quvasoy shaharlarida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan ancha koʻp.

Hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10-yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjudligi qayd etildi.

Sanoat korxonalari “oyoqqa turishi” uchun koʻplab yengillik va imtiyozlar berilgani, lekin ayrim korxonalar na soliqlar toʻlashni, na atrof-muhitni himoya qilishni oʻylayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Aksariyat hollarda qurilish obyektlari va loyihalari ekologik ekspertizadan oʻtkazilmasdan amalga oshirilayapti.

Shu munosabat bilan 1-apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof muhitni ifloslanish darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinishi belgilandi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiya va iqlim oʻzgarishi vazirligiga hokimlar va tarmoq rahbarlari bilan birga:

- joylarda ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha har bir tuman va shaharning “master-reja”sini ishlab chiqish;

- yil yakunida hudud va tarmoqlarning ekologik reytingi va ekologik pasportini eʼlon qilib borish topshirildi. Natijalari boʻyicha hokimlar aholiga murojaat qilishi belgilandi.