2024-yil 1-iyuldan mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlar boʻyicha Yagona reyestr yuritiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilab qoʻyildi.
Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan eʼtiboran, mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning turlari, muddatlari, tartibi va masʼul organlarni oʻz ichiga olgan Yagona reyestr yuritiladi.
Qaror bilan, shuningdek:
— mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish sxemasi;
— mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning dolzarbligini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruh tarkibi;
— mahalliy va xorijiy investorlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Yagona reyestrni yuritish boʻyicha operator boʻlib, Yagona reyestrning yuritilishini uslubiy taʼminlash, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Ikki oy muddatda mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan barcha sohalardagi preferensiyalar va imtiyozlar roʻyxati toʻliq shakllantiriladi. 2024-yil 1-iyuldan boshlab, Yagona reyestr Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining rasmiy veb-saytida alohida boʻlim sifatida preferensiyalar va imtiyozlarni sohalar va yoʻnalishlar boʻyicha izlash va koʻrish imkoniyatini beruvchi elektron shaklda yuritilishi yoʻlga qoʻyiladi.