1 iyulga qadar yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlovchi “Ye-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi

    Raqamlashtirish 25 Fevral 2021 1287

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–5006-son, 24.02.2021-y.) qabul qilindi.

    Qarorga muvofiq, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuzilmasida agrar sohani jadal raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga masʼul boʻlgan vazir oʻrinbosari lavozimi kiritildi.

    Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish hamda Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmalari tashkil qilindi.

    Shuningdek, 2021-yil 1-martdan vazirlikka toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysunuvchi Qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tashkil etiladi.

    Vazirlik huzuridagi “Monitoring xizmati” davlat muassasasi va vazirlik markaziy apparatidagi Ichki nazorat xizmati negizida Ichki audit va kompleans-nazorat boshqarmasi tashkil etildi.

    Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti hududiy boʻlinmalari balansida turgan bino-inshootlar 2021-yil 1-martdan Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimiga oʻtkaziladi.

    Qarorga koʻra, Qishloq xoʻjaligi vazirligiga bir qator huquqlar berildi. Vazirlik, jumladan, qonunchilikda belgilangan vakolatlar doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirish va aybdor shaxslarni jarimaga tortishi mumkin.

    Bundan tashqari, Kadastr agentligi tizimidagi Respublika aerogeodeziya markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududlararo boʻlinmalari tashkil etildi.

    2021-yil 1-iyulga qadar yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar toʻplamini shakllantirish va ularni koʻrib chiqish monitoringini yuritish boʻyicha “Ye-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratiladi.