1 iyundan boshlab O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar ta’minoti sohasida yangi tartib joriy etiladi

    Ijtimoiy hayot 19 Yanvar 2021 3196

    Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2021 yil davlat dasturi loyihasida pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida yangi tartiblar belgilanmoqda.

    Unga ko‘ra, 2021-yil 1-iyundan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi.

    Shuningdek, uch yildan ortiq davr uchun tayinlangan yoki qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish va ular bo‘yicha ortiqcha to‘lovini undirish bekor qilinadi.

    Yangi tartibga ko‘ra, ishlovchilar tomonidan ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lash huquqi beriladi.

    Shu bilan birga pensiya va nafaqalar fuqaroning xohishiga ko‘ra ro‘yxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.

    Bundan tashqari pensiya va nafaqalarni naqd pulsiz shaklda olish uchun arizalar fuqarolar tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tegishli bo‘limiga murojaat qilmagan holda, tijorat banklarida plastik kartalarni ochish jarayonida yoki bank mobil ilovalari orqali elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

    Shuningdek, fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqi yo‘qolganligini tegishli idoralar tomonidan taqdim etiladigan elektron ma’lumotlar asosida aniqlash orqali to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda oluvchilar tomonidan har olti oyda Pensiya jamg‘armasining bo‘limiga kelish yoki joyiga chiqqan holda monitoring o‘tkazish majburiyati bekor qilinadi.