1-martdan AI-80 rusumli avtobenzin narxining oshishi rasman maʼlum boʻldi

    Sanoat 27 Fevral 2023 924

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYOQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning chakana narxi mahalliy mahsulot uchun 6 800 soʻmdan, import mahsuloti uchun 7 000 soʻmdan shakllanadi.

    “Oʻzbekneftgaz” AI-80 rusumli avtobenzin narxini keskin oshishining oldini olish boʻyicha belgilangan “nol” stavkadagi aksiz soligʻining muddati 1-martga qadar amal qilishini maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, 2023-yil 1-martda yuqoridagi tartiblarning amal qilish muddati (imtiyozli davr) yakunlangandan keyin aksiz soligʻi hisoblanishi va birjada narxlarning erkin (oʻsish darajasi cheklanmasdan) shakllanishi hisobiga AI-80 rusumli avtobenzin narxi oshishi kutilmoqda.

    Bunda, 1-martdan boshlab birja savdolariga joylashtiriladigan 1 tonna mahalliy AI-80 rusumli avtobenzin boshlangʻich narxi 6 863 000 soʻmdan, import avtobenzini narxi 8 036 000 soʻmdan shakllanib, birja savdolari yakuni bilan narxlar oʻrtacha 8 150 000 soʻmni (1 litr uchun 6 100 soʻm) tashkil etishi kutilmoqda.

    Bunda, narxlar oʻzgarishi hisobiga “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYOQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning chakana narxi mahalliy mahsulot uchun 6 800 soʻmdan, import mahsuloti uchun 7 000 soʻmdan shakllanadi.

    Maʼlumot uchun: Respublika hududida 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar-fevral oylarida ob-havo harorati keskin sovib ketishi hamda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar joriy etilganligi aholining AI-80 rusumli avtobenziniga boʻlgan talabi taklifga nisbatan keskin oshishiga olib keldi.